Breaking News

Obama Kubada Prezident Raul Kastro bilan uchrashdi


AQSh prezidenti salkam 90 yilda ilk bor Kubaga qadam qo’ydi. Bugun Barak Obama Kuba rahbari Raul Kastro bilan muzokara qildi. Uning Kuba inqilobi yetakchisi Fidel Kastro bilan uchrashishi rejalanmagan. Safardan maqsad tiklangan aloqalarni kuchaytirish.

Obama oilasi bilan Kubaga yakshanba kuni yetib bordi. Ularni Kuba Tashqi ishlar vaziri Bruno Rodrigez kutib oldi. So’ng Obama Amerikaning yaqinda ochilgan elchixonasi xodimlari bilan uchrashdi.

"Bu tarixiy tashrif bo’lib, Kuba xalqi bilan muloqot qilish uchun tarixiy imkoniyat. Yangi bitimlar, tijoriy shartnomalar tuziladi, ikki xalq orasida yangi munosabatlar o’rnatiladi. Yorqin kelajakni o’z ichiga olgan qarashlarim bilan o’rtoqlashaman”, - dedi Obama.

AQSh rahbari tashrifining birinchi kunida Gavananing tarixiy, eski mavzesini aylandi, mahalliy sobor kardinali bilan uchrashdi.

Bundan tashqari, Kuba fuqarolik jamiyati a’zolari, inson huquqlari faollari bilan ham uchrashuvlar rejalangan.

Obama safaridan oldin Gavanada bir necha dissident hibsga olingan.

AQSh rahbari uch kunlik tashrifi davomida Kuba xalqiga televideniye orqali murojaat qilishi hamda ko'rgazmali beysbol o'yinini tomosha qilishi kutilmoqda. Amerikaning "Tampa Bay Rays" klubi Kuba milliy terma jamoasi bilan bellashadi.

AQSh delegatsiyasi tarkibida Demokratlar va Respublikachilar partiyalaridan bir necha qonunchi, yirik shirkatlar rahbarlari va taniqli kubalik-amerikaliklar bor.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG