Prezident Obama yangi mudofaa strategiyasini e'lon qildi

  • Amerika Ovozi

Prezident Obama Pentagonda AQShning yangi mudofaa strategiyasini e'lon qildi, 5-yanvar, 2012

Prezident Obama Pentagonda AQShning yangi mudofaa strategiyasini e'lon qildi, 5-yanvar, 2012

Prezident Barak Obama Pentagonda AQShning yangi mudofaa rejasini e'lon qildi. Hujjat bir necha milliard dollarga qisqarayotgan Pentagon byudjetidan kelib chiqib tuzilgan.

Prezident Obama Pentagon xizmatchilarini olqishlar ekan, qurolli kuchlar jasorati va fidoiyligini alohida ta'kidlab o'tdi.


Leon Panetta, AQSh Mudofaa vaziri

Leon Panetta, AQSh Mudofaa vaziri

"Iroqdagi urushni yakunladik, al-Qoida guruhiga qattiq zarba berib, rahbarini yo'q qildik, Afg'onistonda yutuqqa erishyapmiz, Liviya xalqini himoya qilib, Muammar Qaddafiy rejimiga barham berildi", - deydi Obama.

AQSh prezidentining aytishicha, uch yil avval Iroq va Afg'onistonda Amerikaning 180 ming harbiysi bor edi. Bugunga kelib shularning yarmi qoldi. Dunyo bo'ylab yangi hamkorlar bilan ittifoqlar tuzildi.

Ammo, deydi prezident, global iqtisodiy tanazzul Amerikani ham chetlab o'tmadi. Ahvolni yaxshilash uchun byudjetga jiddiy o'zgarishlar kiritildi. Natijada federal xarajatlar, xususan mudofaa uchun, qisqartiriladigan bo'ldi.

Pentagon, AQSh Mudofaa vazirligi

Pentagon, AQSh Mudofaa vazirligi

"Bu ishga mas'uliyat bilan yondashish kerak, chunki yurtimiz xavfsizligi, xorijda xizmat qilayotgan askarlarimiz salomatligi zarar ko'rmasligi kerak", - deydi Obama.

Shu bois mudofaa siyosati qayta ko'rilib, deydi prezident, bugungi tez o'zgaruvchan dunyoda strategik manfaatlarga aniqlik kiritildi.

"Qurolli kuchlar soni va tizimi hamda harbiy byudjet mudofaa strategiyasidan kelib chiqib belgilanishi kerak", - deydi Barak Obama.

Yangi mudofaa rejasiga muvofiq, Xitoy harbiy qudratining oshib borayotganidan tashvishga tushayotgan AQSh Osiyo va Tinch okeani mintaqasida faollikni oshirmoqchi.

Amerika 10 yildan beri urushda

Amerika 10 yildan beri urushda

"Mintaqada harbiy salohiyatimizni oshiramiz. Byudjetdagi qisqartirishlar muhim hisoblangan bu hududga taalluqli emas", - deydi Obama.

Hujjatda Eronga qarshi choralar ham aks etgan. Ma'lumki, Qo'shma Shtatlar bu davlatni yadro quroli ustida ishlayotganlikda ayblab, buning oldini olish uchun harbiy choradan ham qaytmasligini bildirgan.

Afg'onistondagi kuchlar

Afg'onistondagi kuchlar

Pentagonda Mudofaa vaziri Leon Panetta ham so'zlab, armiyani qisqartirish tashabbusiga to'xtaldi. Askarlar, vazirlikda ishlovchi noharbiy mutaxassislar kamaytirilib, yangi avlod qurollarini yaratish dasturlarining ba'zilari vaqtincha to'xtatiladi, jumladan yangi avianosetsning qurilishi. Harbiylarga nafaqalar, zobitlar va oilalariga tibbiy sug'urta ham qisqarishi mumkin.

Ayrim harbiy tahlilchilar yangi strategiyani tanqid qilmoqda. Ular nazarida Qo'shma Shtatlar bir paytning o'zida ikki urushda jang qilish strategiyasidan voz kechishi mumkin.

Yangi siyosat bir urushda g'olib qilib, boshqa joylarda hujumlarni qaytarishni ko'zlaydi, ammo Xitoy va Eron kabi davlatlar bilan mojaro yuzaga kelgudek bo'lsa, yangi strategiya pand berishi mumkin, deydi ular.

Xususan Xavfsizlik siyosati markazi prezidenti Frenk Gaffnining aytishicha, g'animlar yangi rejani Amerikaning zaifligi deya talqin qilib, ikki frontda jang qila olmasligimizni bilib, o'zaro kelishgan holda har tomondan qarshi harakat boshlashi mumkin.

Ba'zi manbalarga ko'ra, qurolli kuchlar 10 foizga kichraytiriladi. Jumladan, Yevropa va Afg'onistonda xizmat qilayotgan harbiylar hisobiga.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG