Obama aholiga soliq imtiyozlari va’da qilmoqda, boylar bundan istisno

  • Amerika Ovozi

Prezident Barak Obama iqtisodiyotni oyoqqa turg’azish uchun yangi tashabbusni olg’a surmoqda. Soliqlarni kesamiz, o’rtahol oilalar uchun imtyozlar yaratamiz, deydi u. Biroq badavlat qatlam bundan istisno, deydi prezident.

Mahalliy saylovlar yaqinlashgani sari Obama boshliq demokratlar va muxolif respublikachilar o’rtasida bahs ham avjida. Iqtisodiyot – asosiy mavzu.

Prezident Obama Ogayo shtatida so’zlab, biznes ahlini ba’zi soliqlardan ozod qilishga va’da berdi. Yangi ish o’rinlari yaratish kerak, deydi u.

“Ogayoning o’zida biznes ochgan, kashfiyotlar qilgan, tadqiqotlar olib borgan kishilarga imtiyozlar beramiz”.

Sal oldin Barak Obama Amerika transport tizimini yangilashga, buning uchun 50 milliard dollar ajratishga chaqirgan edi. Loyiha minglab yangi ish o’rinlari yaratishi aniq, deydi u. Biroq iqtisodchi Mark Zandi fikricha, bu tashabbuslar katta o’zgarish qilishi gumon.

“Kongress loyihani ma’qullasa, ma’lum ma’noda yordam bo’ladi. Ammo yaqin bir yilda mehnat bozori yaxshilanadi, ishlar ko’payadi deb xomxayol bo’lmang”, - deydi olim.

Muxolif respublikachilar Obamaning iqtisodiy siyosatini berilib tanqib qilib keladi. Ortiqcha xarajat qilishga holimiz yo’q, deydi ular. Respublikachilar partiyasi yetakchilaridan Jon Beyner boy qatlamga atalgan soliq imtiyozlariga tegmaslik kerak, deydi.

“Soliqlarni oshirib, iqtisodiyotni tiklab bo’lar ekanmi?” – deb norozi bo’ladi Beyner Obamaning badavlat aholiga soliq imtiyozlari yo’q degan so’zlariga ishora qilib.

Obama nazarida esa muxolifat boylar va katta-katta korporatsiyalarni himoya qilish bilan band. “Millioner kishilarga yana bir dunyo pul bermoqchi ular. Bunaqada davlat yana ham qarzga botadi”, - deydi u.

Kuzgi saylovlar yaqinlashmoqda. Noyabrda Kongressga saylanishga umidvor qonunchilar xalqni o’ziga og’dirish harakatida. Ijtimoiy so’rov natijalariga ko’ra, aholi iqtisodiy ahvoldan norozi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG