Amerika moliya tizimini tubdan isloh qiluvchi qonun kuchga kirdi

  • Amerika Ovozi

Prezident Barak Obama bugun moliya tizimini tubdan isloh qiluvchi qonun loyihasini imzoladi. Bu 1930-yillardan beri eng yirik reforma va Amerika banklari, kredit tizimi ustidan nazoratni oshirishi kutilmoqda. Ko’zlangan maqsad esa ravshan –moliyaviy krizis takrorlanishiga yo’l qo’ymaslik.

AQSh Kongressi tasdig’idan o’tib, loyiha nihoyat bugun prezident qo’lida.

Yangi qonunga ko’ra, hukumat har qanday yirik moliyaviy institutni musodara qilishi mumkin. Agar bu kompaniya haddan ziyod kattalashib, tanazzul yoqasiga kelsa va AQSh iqtisodiyotiga ziyon qilgudek bo’lsa.

Shunday hollarda hukumat ishni qo’lga olib, kompaniya mulkini sotadi, toki Amerika ahli – soliq to’lovchi bundan e’tiboran zarar ko’rsmasligi uchun. 2008 yilgi krizis natijasida banklarning qaltis faoliyati va xarajat aynan soliq to’lovchining yelkasiga yuk bo’lgan edi.

Bundan tashqari, banklar ehtiyot shart zaxirada yetarlicha mablag’ saqlashi, ziyonni zudlikda qoplashi kerak bo’ladi.

AQSh Senati bugun millionlab ishsiz fuqaroga ko’proq imtiyoz, yordam berishga doir qonun loyihasini ovozga qo’yadi. Hozir Qo’shma Shtatlarda ishsizlik darajasi taxminan 10 foiz atrofida. Yangi qonunga ko'ra, millionlab amerikaliklar ishsizlar uchun mo'ljallangan imtiyoz-madaddan foydalanishi mumkin.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG