Ishlab chiqarishda innovatsiyaga urg'u berish kerak, deydi Obama

  • Amerika Ovozi

Prezident Barak Obama

Prezident Barak Obama

Prezident Barak Obama so’nggi paytda ancha tushib ketgan reytingini bir oz tiklab olishga muvaffaq bo’ldi. Ishsizlar kamaydi, ishlab chiqarish kuchaydi. Seshanba oqshom prezident Kongressdagi yillik ma’ruzasida yutuqlariga urg’u beradi.

Obama o’rta sinf amerikaliklar turmush darajasini ko’tarishda, AQShning dunyodagi raqobatbardoshligini oshirishda innovatsiyani kuchaytirishga chaqirmoqda.

Dru Grinblat “Marlin Steel Wire Products” firmasini 1998-yilda sotib olganida ishchilar kam maosh olar, non solishga ishlatiladigan savatni yasash uchun esa po’latni qo’l bilan bukishardi.

O’shandan beri 17 yil o’tdi. Ko’p ishlarni million dollarlik robotlar bajarmoqda. Mahsulot xorijga eksport qilinib, ishchilar yaxshi maosh, qator imtiyozlar olyapti.

“Xitoydan farqimiz ham shunda. Mahsulotlar arzon ishchi kuchi hisobiga emas, balki eng ilg’or innovatsion yondashuv, aqlli g’oyalar, iste’dodli mutaxassislar hisobiga yaratiladi”, - deydi Grinblat.

9-yanvar kuni Prezident Obama Vitse-prezident Jo Bayden bilan Tenessidagi polimer zavodini aylanib, shu haqda gapirdi.

Uning aytishicha, so’nggi besh yilda 786 000 ta ish o’rinlari yaratildi. Ishlab chiqarishda yuqori texnologiyadan samarali foydalanish uchun hukumat, xususiy sektor va oliy o’quv yurtlari hamkorlik qilishi lozim, deydi davlat rahbari.

“Dunyoda eng tez rivojlanayotgan iqtisodiyot bizniki. Eng yaxshi tadbirkorlar va universitetlar ham bizda. Barchasi bir yoqadan bosh chiqarsa, ko’proq ish o’rinlari, Amerika xalqi uchun ko’proq imkoniyatlar yaratiladi”, - deydi Obama.

“Marlin Steel” kompaniyasi Baltimorda joylashgan. U yerda ishlovchi bir guruh muhandislar Germaniyaning "Bosh", Yaponiyaning "Toyota' kabi yirik kompaniyalari uchun metaldan turli mahsulotlar ishlab chiqaradi.

Brent Foks Iroq urushi faxriysi. Hozir shu kompaniyada mehnat qiladi. Oldin ishlab chiqarish liniyasida ishlagan, tajriba orttirgach, brigada boshlig’i etib tayinlandi.

“Dunyo iqtisodiyoti uzviy bog’langan. Xorijdan turib biror narsani buyurtirish ancha osonlashdi”, - deydi u.

Kompaniya prezidentining aytishicha, savdo kuchayib, soliq tizimi yaxshilangani, intellektual mulk himoyasi kuchaygani sari “Marlin Steel”ga o’xshagan Amerika kompaniyalari o’rta sinf va mamlakat iqtisodiyotining kuchayishiga katta hissa qo’shadi.

“Amerika ishlab chiqarish sohasida uyg’onish davrini boshdan kechirmoqda”, - deydi Grinblat.

Uning aytishicha, “Marlin Steel” qo’shimcha joy olib kengaymoqda, ko’proq texnologiya va yuqori malakali muhandislarni jalb etyapti.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG