Obama Misrdagi voqealarni qoralab, harbiy mashqlarni bekor qildi

  • Amerika Ovozi

AQSh rahbari Barak Obama Misrdagi qonli to’qnashuvlarni qoralab, bu davlat bilan kelasi oy rejalangan qo’shma harbiy mashqlarni bekor qildi.

Bu mashqlar mana bir necha yildirki, ikki mamlakat harbiy hamkorligining tayanch nuqtasi bo’lib kelgan. Prezident muvaqqat hukumatni fuqarolar huquqlarini hurmat qilishga, namoyishchilarni esa bosiqlikka da’vat etayapti.

“Qo’shma Shtatlar bu mojaroda biror tarafni yoqlamaydi, Misr kelajagini faqat shu yurt xalqi hal qila oladi”, - dedi Obama bugungi bayonotida.

Qohira ko’chalari bugun nisbatan tinch. Iskandariya va Suvayshda ham tartib tiklangan. Hukumat hududda bir oylik favqulodda holat e’lon qilgan.

Misrda Musulmon Birodarlar partiyasi tarafdorlarini namoyishga da’vat etayapti. O'tgan ikki kun ichida Qohirada xavfsizlik kuchlari va birodarlar olishib, 638 kishi halok bo’lgan.

Muvaqqat vitse-prezident, islohotchi siyosatchi Muhammad al-Barodiy qonli olishuvlardan keyin ishdan bo’shadi. Bir tomchi qon to’kkan hukumatga ishlay olmayman, dedi u qarorini izohlar ekan.

Qo’shma Shtatlar Misrga hal yili 1,3 milliard dollar harbiy yordam ajratib keladi. Prezident Muhammad Mursiyning hukumatdan ag’darilishini Oq uy to’ntarish deya ta’riflashdan tiyilib keldi. Amerika qonunlariga ko’ra, to’ntarish ro’y bergan mamlakatga madad uzilishi kerak.

Oq uy bayonotiga ko’ra, zo’ravonlik bu mamlakatda siyosiy o’tish davrini yanada qiyinlashtiradi. Davlat kotibi Jon Kerri nazarida Misr ayni damda “burilish nuqtasi”da turibdi.

Atigi ikki hafta ilgari Misrning muvaqqat hukumatini demokratiya tomon ildamlayotgani uchun olqishlagan Kerri xalqqa qarshi zulmni bas qiling, deya undadi.

“Bu voqealar tinchlik, demokratiya va hamjihatlik kabi g’oyalarga tamoman zid”, - deydi AQSh bosh diplomati.

Oq uy Misrda joriy etilgan favqulodda holatni imkon qadar tezroq bekor qilishga, shuningdek, fuqarolarning fundamental huquqlari, jumladan tinch namoyishlar o’tkaza olishini ta’minlashga chaqiryapti.

Jon Kerrining aytishicha, zo’ravonlik bilan hech bir muammo hal bo’lgan emas.

“Barcha misrliklar ertangi kunni o’ylab ish tutsin. Xunrezlik mamlakatni xonavayron qiladi, iqtisodiyotni yemiradi. Nizolashayotgan tomonlarga eng ma’qul yo’l – siyosiy yechim”, - deydi rasmiy.

Misr Ichki ishlar vaziri Muhammad Ibrohim politsiyaning xatti-harakatlarini himoya qilmoqda. Uning so’zlariga ko’ra, huquq-tartibot xodimlari namoyishchilarga qarshi minimal kuch qo’llab, faqat ko’zni yoshlantiruvchi gaz ishlatgan.

Misrga har yili beriladigan 1,5 milliard dollarlik harbiy va iqtisodiy yordam davom etmoqda. Ammo so’nggi voqealardan keyin Oq uy bu borada savolga ko’milishi tayin.

Oq uy rasmiysi Josh Ernest izohicha, Misrga ko’mak qanday asosda berilishi doimiy muhokamada. Ayni paytda bu jarayon tezlashtirilgan.

Amerikadagi bir qator musulmon tashkilotlar esa Obama ma’muriyatini Misr harbiylariga yordamni darhol to’xtatishga undayapti. Ular nazarida Oq uy prezident Muhammad Mursiyni lavozimiga tiklash uchun harakat qilishi kerak.

“Amerika musulmonlari ittifoqi Misrga moliyaviy ko’mak to’xtatilmaguncha o’z kampaniyasini davom ettiradi”, - deydi tashkilot vakili Mahdi Bray.

“Amerika musulmonlari Falastin uchun” deb nomlangan guruh nazarida esa AQSh arab dunyosida o’z mavqeini ko’tarish uchun yana bir imkoniyatni qo’ldan boy berdi.o
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG