Obama: Misrda o'zgarish hozir boshlanishi kerak


Barak Obama va Husni Muborak, Oq Uy, 1 sentabr 2010

Barak Obama va Husni Muborak, Oq Uy, 1 sentabr 2010

Misrda xalq uzoq yillik rahbar Husni Muborakning hokimiyatdan ketishini talab qilishda davom etmoqda. Prezident Muborak bugun yana ommaga murojaat qilib, uni tinchlantirishga urindi.

"Bu yil prezidentlik muddatim bitgach iste'foga chiqaman", - deb so'z berdi.

Biroq namoyishlar avj olsa olayaptiki, tinmayapti.

Muborak nuqtidan bir necha daqiqa o'tib, AQSh prezidenti Barak Obama ham bayonot berib, Misrda siyosiy o'zgarishlarga chaqirdi.

Obama Misr rahbari bilan ochiq gaplashganini aytmoqda

Obama Misr rahbari bilan ochiq gaplashganini aytmoqda

"Xalqqa quloq tuting, uning dardini tinglang",- dedi u.

Prezident Obama fikricha buyuk bir mamlakat o'zi uchun yangi bir sahifa ochmoqchi.

"Misr ahli umumbashariy huquqlarga ega: erkin uyushish, erkin so'z va fikr, o'z kelajagini belgilash. Bular har bir insonning uzviy huquqlari. Qo'shma Shtatlar mana shu erkinliklar tarafdori".

"Biz sizning dardingizni eshitdik. Ayniqsa yoshlar nima istayotgani bizga ma'lum. Siz o'z kelajagingizni hal qila olishingizga ishonamiz",- deydi Obama, Misr ko'chalarida namoyish qilayotgan millionlab insonlarga qarata.

Misr hukumati namoyishlarni to'xtatish maqsadida internetni o'chirgan, uyali telefon aloqalarini uzgan. Amerika ular darhol tiklanishi kerak deb chiqmoqda. Shuningdek, namoyishchilarni zo'ravonlikdan tiyinishga undamoqda.

Armiya namoyishlarni kuzatib turgani, olomonga qarshi qurol ishlatmaslikka qaror qilgani, Obama ma'muriyat nazarida, tahsinga sazovor.

28 yanvar kuni ham Obama Misrdagi voqealarga o'z munosabatini bildirgan edi.

"AQSh Misrni yaqin do'st deb biladi. Xavfsizlik va boshqa muhim sohalarda hamkorlik qilib kelamiz. Lekin biz bu tuzumni hamisha islohotlarlarga undaganmiz. Siyosiy, ijtimoiy va iqtisodiy islohotlar qilib, xalq hayotini osonlashtirishga",- deydi Obama.

"Islohotlar amalga oshirilmagani sabab xalq qo'zg'aldi. Bugun prezident Muborak xalqiga gapirganida, demokratiya va iqtisodiy taraqqiyot va'da qildi. Men hozirgina u bilan muloqot qilganimda mana shu va'dalar amalda isbotini topishi kerak deb aytdim. Konkret qadamlar tashlanishi kerak dedim".

Obamaning aytishicha, uning hukumati Misrga har tomonlama yordam berishga tayyor.

"Misr istiqboli bu xalqning o'z qo'lida. Erkinlik va adolat ta'minlanishi kerak",- deydi Obama.

"Dunyoning qayerida bo'lmasin, rahbarlar xalq oldida javobgardirlar. Ayniqsa yoshlar talabiga quloq tutish lozim", - deydi u.

Qohira, 1 fevral 2011

Qohira, 1 fevral 2011

Amerika, deydi Obama, Misrda o'zgarishlar hoziroq boshlanishi tarafdori. Lekin prezident bu bilan Muborak ishdan ketsin demayapti, balki hukumat tubdan yangilanishi uchun harakatni boshlash kerak demoqchi.

Muvaqqat hukumati tuziladigan bo'lsa, unda Misrdagi barcha muxolif partiyalar qatnasha olishi kerak, deydi Obama. Saylovlar adolatli o'tishi va demokratik tuzumga asos solinishi kerak.

"Bu og'ir kunlar... Misr kelajagi haqida barcha savollarga javob topa olmaymiz. Lekin men shunga ishonamanki, bu xalq ularga albatta javob topadi. Misr ko'chalarida nimalar bo'layotganini ko'rib turibmiz. Onalar, otalar askarlarga quchoq ochmoqda. Odamlar birdamlikda harakat qilib, o'z hayoti, qadriyatlari va madaniy boyliklarini himoya qilmoqda".

  • 16x9 Image

    Navbahor Imamova

    Navbahor Imamova "Amerika Manzaralari" turkumidagi teledasturlar muallifi. TV va radio diktor, prodyuser, muxbir va muharrir. AQSh siyosati va hayoti hamda Markaziy Osiyodagi muhim masalalarni yoritadi. "Amerika Ovozi"da 2002-yildan beri ishlaydi. Jurnalistik faoliyatini 1996-yilda O'zbekiston radiosining "Xalqaro hayot" redaksiyasida muharrir sifatida boshlagan. Jahon Tillar Universiteti Xalqaro jurnalistika fakultetida ham dars bergan. Ommaviy axborot vositalari bo'yicha bakalavrlikni Hindistonning Maysur Universitetidan (University of Mysore), magistrlikni esa AQShning Bol Davlat Universitetidan (Ball State University) olgan. Toshkent viloyati Bo'stonliq tumani Qo'shqo'rg'on qishlog'ida ziyoli oilasida ulg'aygan.

XS
SM
MD
LG