Obama saylovda g’olib muxolifatning takliflarini tinglashga tayyor

  • Amerika Ovozi

Kongress saylovlari AQShda siyosiy manzarani tubdan o’zgartirdi. Muxolifatchi respublikachilar endi nafaqat Senatda ko’pchilik, balki Vakillar palatasida ham o’z pozitsiyasini mustahkamlab oldi.

Prezident Barak Obama yetakchi qonunchilar bilan Oq uyda ko’rishishi kutilmoqda, ammo tahlilchilar fikricha, ikki yirik partiya o’rtasidagi murosasizlik hali-beri o’zgarmaydi.

Muxolifat g’alabani tantana qilmoqda. Omma orasida prezident Obamadan norozilik, iqtisodiy muammolar hamda xalqaro tahdidlar yuzasidan vahima Respublikachilar partiyasiga xayrixohlikni oshirdi. Kapitoliyda ular endi har ikki palatani nazorat qiladi.

Ko’plab shtatlarda o’tgan gubernatorlik poygalarida ham shu partiya a’zolari g’olib chiqdi.

100 o’rinli Senatda prezident Obamaning partiyadoshlari o’z kuchini saqlab qola olmadi. Yanvar oyidan boshlab, Kentuki shtatidan senator, respublikachi Mitch Makkonel by organ sardori bo’lib ishga kirishadi.

“Bu saylov natijasida prezidentning fikr-qarashlari birdaniga o’zgarib qoladi deb o’ylamayman. U biladiki, men ham o’z pozitsiyamda qattiq turaman”, - deydi u.

“Lekin fikrimiz bir joydan chiqqan masalalar ustida birga ishlashimiz kerak. Masalan, xalqaro savdo, soliq tizimi islohoti. Ikki partiya uzluksiz nizolasha olmaydi”.

Prezident Obama ham saylovdan keyingi ilk matbuot anjumanida yangi Kongress bilan ishlashga tayyor ekanini aytdi.

“Agar oddiy amerikaliklar hayotini yaxshilay oladigan taklif-g’oyalar bo’lsa, ularni eshitishga tayyorman. Taklif demokratlardan keladimi yoki respublikachilardan, men uchun ahamiyati yo’q”, - deydi prezident.

Sharhlovchilarga ko’ra, Obama olg’a surib kelgan dasturlarni tatbiq etish buyog’iga yanada qiyinlashadi va u yondashuvini o’zgartirishiga to’g’ri keladi.

Saylov natijasi shundan darak bermoqdaki, xalq Kongressdagi tortishuvlardan, ikki partiya birga ishlay olmasligidan to’yib ketgan va buning uchun prezidentni javobgar deb biladi.

Ko’p bahslarga sabab bo’lgan mavzulardan biri bu immigratsiya, Amerikada yashayotgan millionlab hujjatsiz muhojirlar taqdiri. Agar muxolifat bilan murosa qila olmasa, Obama bu sohada o’zi qarorlar qabul qilishini yana bir bor ta’kidladi.

Aynan respublikachilarning kuchli qarshiligi sabab prezident immigratsion islohotlarni saylovdan keyinga qoldirgan edi.

G’alaba eyforiyasi o’tib bo’lgach, respublikachilar saylovchilarga muammolarni hal eta olishini ko’rsatishi kerak.

Virjiniya universtetidan tahlilchi Kayl Kondik respublikachilar endi bilganini qiladi degan fikrdan yiroq, chunki Oq uyda demokrat prezident o’tiribdi. Obama unga imzo uchun yo’llangan hujjatlarga veto qo’yishi mumkin. Senatda ham, Vakillar palatasida ham vetoni hatlab o’tish uchun muxollifatda ovozlar yetarli emas.

Shu paytgacha Senatni boshqarib kelgan demokrat Garri Rid Obamaning eng yaqin ittifoqchisi edi. Yangi yildan u lavozimini Mitch Makkonelga topshiradi. Makkonel deyarli har bir masalada prezidentga qarshi chiqqani bilan tanilgan. Uning Obama bilan munosabatlari ham sovuq.

Lekin, deydi Kayl Kondik, ular baribir hamkorlik qilmasa bo’lmaydi. “Mamlakat kreditorlar oldidagi majburiyatlarini vaqtida bajarishi, immigratsiya va boshqa sohalarda islohotlar qilish muhim”.

Prezident va Kongress kelishib ishlay olishi yaqin orada sinovdan o’tadi. Mamlakat byudjetiga oid hujjatlar 11-dekabrgacha qabul qilinishi zarur.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG