Breaking News

Erdog'an va Obama Oq uyda muloqot qildi


AQSh prezidenti Barak Obama (o'ngda) va Turkiya bosh vaziri Rajab Toyib Erdog'an Oq uyda matbuot anjumani paytida, 16-may, 2013-yil
AQSh prezidenti Barak Obama (o'ngda) va Turkiya bosh vaziri Rajab Toyib Erdog'an Oq uyda matbuot anjumani paytida, 16-may, 2013-yil
AQShga tashrif buyurgan Turkiya bosh vaziri Rajab Toyib Erdog’an 16-may kuni Oq uyda prezident Barak Obama bilan uchrashdi. Ikki rahbar Suriya mojarosiga chek qo’yish yo’llari xususida fikr almashdi.

Prezident Obamaning matbuot anjumanida aytishicha, ikki ittifoqchi davlat Assadning avtokratik boshqaruviga barham berish maqsadida Suriya muxolifatini qo’llab-quvvatlashda davom etadi.

"Har ikkimiz Assad ketishi kerak degan fikrdamiz. U hokimiyatni muvaqqat hukumatga topshirishi lozim. Mojaroni hal etishning yagona yo’li shu", - dedi Obama.

AQSh rahbariga ko’ra, Turkiyaga bu jarayonda juda muhim rol ajratilgan. Erdog’anning aytishicha, AQSh va Turkiyaning Suriya masalasida pozitsiyasi bir.

"Qonli mojaroga yakun yasab, xalq talabidan kelib chiqqan holda yangi hukumat o’rnatilishini istaymiz", - dedi Turkiya bosh vaziri.

Unga ko’ra, ikki rahbar Suriyadagi fuqarolik urushida kimyoviy qurollarning qo’llanilishiga qarshi. Ozchilikdagi barcha elatlarning huquqlari himoya qilinishi lozim, dedi Edrog’an.

Turkiyaning Yevropa Ittifoqi bilan aloqalariga javob beruvchi vaziri Egemen Bagishning aytishicha, Anqara oldida turgan birinchi darajali vazifa begunoh insonlarning o’limiga chek qo’yish. BMT Xavfsizlik Kengashi dadil chora ko’rishi lozim, deydi Erdog’an bilan safarga chiqqan vazir.

"Obama va Erdog’an xalqaro hamjamiyatni bunga ko’ndira oladi, degan umiddaman", - dedi Bagish.

Ikki rahbar Eron, Iroq, Turkiya-Isroil aloqalari va Falastin xususida ham gaplashgan. Erdog’an yaqin kunlarda G’azoga borishini ma’lum qildi. AQSh va Isroil G’azoni boshqarayotgan XAMAS guruhini terrorchi tashkilot deb, Turkiya bosh vazirining u yerga borishiga e’tiroz bildirmoqda. Ammo Erdog’anning aytishicha, uning safari tinchlik jarayonini tezlatishda yordam berishi mumkin.

Turkiya bosh vaziri Obama bilan uchrashuvdan so’ng vitse-prezident Jo Bayden va davlat kotibi Jon Kerri bilan ham gaplashdi.

AQSh va Rossiya iyun oyida xalqaro anjuman o’tkazib, Suriya hukumati va muxolifatini muloqotga chorlamoqchi. Jon Kerrining aytishicha, Turkiya muxolifatni anjumanda ishtirok etishga ko’ndirishi lozim.

Anqara Suriya muxolifatiga yaqindan yordam berib keladi, guruh yetakchilari Istanbulda tez-tez uchrashib turadi. Turkiyada yuz minglab suriyalik qochqinlar vaqtincha boshpana topgan. Turkiyaga og’ir kelmasligi uchun Qo’shma Shtatlar xarajatlarning bir qismini o’z bo’yniga olgan.

Erdog’an bilan uchrashuvda Obama moliyaviy yordamni bundan keyin ham davom ettiramiz, dedi.

Amerikaning “Pyu” (Pew) ijtimoiy tashkiloti Turkiyada o’tkazgan so’rov natijalariga ko’ra, turklarning 68 foizi Erdog’anning suriyalik isyonchilarni qurollantirish rejasiga qarshi.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG