Turkiya bosh vaziri Vashingtonda

  • Amerika Ovozi

Turkiya bosh vaziri Rajab Toyib Erdog'an Turk-Amerika madaniyat markazi poydevorini qo’yish marosimida ishtirok etmoqda, Lenxem, Merilend, 15-may, 2013-yil

Turkiya bosh vaziri Rajab Toyib Erdog'an Turk-Amerika madaniyat markazi poydevorini qo’yish marosimida ishtirok etmoqda, Lenxem, Merilend, 15-may, 2013-yil

Turkiya bosh vaziri Rajab Toyib Erdog’an Suriyadagi mojaro va boshqa xalqaro masalalarni muhokama qilish uchun Qo’shma Shtatlarda. Erdog’an bugun Oq uyda prezident Barak Obama bilan uchrashdi.

Ikki yildan beri davom etayotgan mojaro Turkiyaga qo’shni davlatda minglab odamlarning hayotiga zomin bo’ldi. Rasmiy Anqara unga chek qo’yilmasa, mojaro uning hududiga ham tarqalishidan xavotirda. Shu sabab Turkiya bosh vaziri Obamani Suriya masalasida faolroq bo’lishga, masalan, Suriya harbiy samolyotlari parvozini taqiqlashga chaqirishi mumkin.

Erdog’an prezident Bashar Assadning eng ashaddiy tanqidchilaridan bo’lib, Suriya muxolifatini yaqindan qo’llab-quvvatlab keladi.

Oq uy matbuot kotibi Jey Karnining aytishicha, ikki rahbar Asaddan keyingi muvaqqat hukumatni yaratish xususida fikr almashadi.

"Ayni damda Rossiya bilan muzokarani tashkillashtirish ustida ishlamoqdamiz. Obama va Erdog’an shu hamda Suriya muxolifati va xalqiga yordam berish haqida ham gaplashadi", - dedi Karni.

Oq uydagi uchrashuvdan so’ng Turkiya rahbari Davlat departamentida bo’lib, davlat kotibi Jon Kerri va boshqa rasmiylar bilan uchrashadi.

Kecha esa safarining birinchi kunida Erdog’an Vashington yaqinida Turk-Amerika madaniyat markazi poydevorini qo’yish marosimida ishtirok etdi. Bu yerda yil oxirigacha yirik islom madaniyati markazi qad ko’taradi. Erdog’anning aytishicha, maskan islomga qarshi kuchayib borayotgan kayfiyatlarni yumshatishga xizmat qiladi.

"Bu yerda odamlar uchrashib, madaniyatimiz, tariximiz haqida o’rganishadi. So’nggi paytda islomofobiya kuchaymoqda. Bu noto’g’ri holat. Islom haqida yanglish tushuncha keng tarqalgan. Bo’lajak markazda dinimizning samimiyligini ko’z-ko’z qilib, islomofobiya xato ekanini isbotlaymiz", - dedi Erdog’an marosimda.

Ertaga Turkiya bosh vaziri Jorjtaun universitetida bo’lib, talabalar oldida so’zlaydi, so’ng esa tadbirkorlar bilan davra suhbatida qatnashadi.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG