Katta Sakkizlik yig'inida Suriya, razvedka masalalari muhokama qilinadi

  • Amerika Ovozi

Prezident Barak Obama Katta Sakkizlik sammitida qatnashish uchun 17-iyun kuni Irlandiyaga jo’naydi. Undan keyin Germaniyada mehmon bo’ladi. Suriyadagi urush hamda AQShning razvedka dasturlari sammitning asosiy mavzularidan.

Odatda iqtisodiy masalalar ko’riladigan Katta Sakkizlik majlisida bu safar Suriya muhokama qilinadi. Dunyoning qudratli davlatlari urushni to’xtatish uchun nima qilishi kerak, degan savolga javob izlaydi.

Sakkizlik davlat rahbarlari orasida faqatgina Rossiya prezidenti Vladimir Putin Suriya hukumatini qo’llab-quvvatlaydi. Uning ishtirokisiz biror kelishuvga erishib bo’lmaydi, deydi Jorj Vashington universiteti olimasi Shahrizoda Rahmon.

“Putin sammitda butun e’tibor unda bo’lishini juda yaxshi biladi. Bashar al-Assadni tinchlikka ko’ndirish uchun uning vositachiligi kerak”, - deydi mutaxassis.

Irlandiya kurortida o’tadigan anjumanda Obama va Putin yuzma-yuz uchrashib, Suriya mojarosini qanday hal qilish borasida fikr almashishi kutilmoqda.

Siyosatshunos Jeyms Goldgiyer bu muloqotdan ko’p narsa kutmayapti. Uning fikricha, AQSh va Rossiya xalqaro konferensiya o’tkazishga kelishib olsa ham katta gap, ammo unda nizolashayotgan tomonlar qatnashadimi-yo’qmi, noma’lum.

Obama va Putin xalqaro ahamiyatga molik bir qancha boshqa masalalar bo’yicha ham til topishishi kerak, deydi suhbatdosh.

“Terrorizmga qarshi kurash, Eron yadro dasturi hamda Koreya yarim orolida barqarorlikni ta’minlash shular jumlasidan”.

Amerika uchun yana bir muhim mavzu – Yevropa Ittifoqi bilan erkin savdo bitimini imzolashdir. Prezident Obama tariflarni bekor qilib, har ikki qit’ada ish o’rinlari yaratishga qaratilgan bu rejani amalga oshirish to’g’risida gaplashadi.

Katta Sakkizlik yig’inida AQShning yaqinda fosh bo’lgan maxfiy programmalari muhokama qilinishi ham turgan gap. Xususan, Germaniya kansleri Angela Merkel bilan uchrashuvda, deydi tahlilchi Shahrizoda Rahmon.

“Amerika Milliy xavfsizlik agentligi Germaniyadagi bazalaridan foydalanib, Yaqin Sharq hukumatlarini maxfiy kuzatganini bilamiz. Nemis ommasi bundan g’azabda, chunki ular nazarida amerikaliklar nafaqat o’z yurtida, balki G’arbiy Yevropada ham fuqaro huquqlarini oyoq osti qilyapti”, - deydi olima.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG