Obama Yevropaga safarini boshladi, bugun Irlandiyada

  • Amerika Ovozi

Yevropa safarini boshlagan prezident Barak Obama bugun Irlandiyada. Ona tomondan ajdodlari shu yurtdan bo’lgan.

Obama shuningdek, Britanya va Fransiyaga borishi rejalangan. Fransiyada Katta Sakkizlik sammitida qatnashib, so’ng Polshaga yo’l oladi va Sharqiy Yevropa rasmiylari bilan uchrashadi.

Barak Obama Irlandiyani domiga tortgan moliyaviy krizis borasida gaplashmoqda. 4,5 million aholisi bor bu orolga safari chog’ida AQSh prezidenti ulug’ bobosi yashagan yerlarni ham ziyorat qiladi. So’ng Dublinda minglab odamlar oldida so’zlaydi.

Obama seshanba kuni Britanyada, Londonda parlament mushtarak sessiyasida chiqish qiladi. Muloqot chog’ida asosan Liviyadagi vaziyat va NATO hamkorligi muhokama qilinadi. Qirolicha Yelizaveta AQSh rahbari sharafiga ziyofat beradi.

“Jahonda yirik o’zgarishlar bo’layapti”, - deydi Vashingtondagi siyosiy tahlilchi Stiv Klemons. “Ayniqsa Yaqin Sharqdagi o’zgarishlar yillar davom etishi mumkin”, - deydi u.

Ekspert Afg’onistonni ham tilga oladi. “AQSh harbiylarini olib chiqish dolzarb mavzu. Liviyada NATO operatsiyasi ham yechimini kutmoqda. Mana shular borasida AQSh-Britaniya hamkorligi muhim” - tahlilchi Stiv Klemons.

Prezident Obama so’ng Fransiyada Katta Sakizlik anjumanida qatnashadi. Sammit davomida Rossiya prezidenti Dmitriy Medvedev va Yaponiya Bosh vaziri Naoto Kan bilan yuzma-yuz ko’rishadi.

“Boshqa davlatlar iqtisodiyoti mustahkam bo’lishi Amerika ekonomikasi uchun juda muhim”, -deydi Brukings Instituti mutaxassisisi Demoniko Lombardi.

Bu uchrashuvda Yaqin Sharq va Shimoliy Afrikada ro’y berayotgan siyosiy o’zgarishlarga alohida e’tibor qaratishi kutilmoqda.

Qo’shma Shtatlar Liviyada NATO harbiy operatsiyalarini himoya qiladi. O’z navbatida Britanya va Fransiya Amerikadan bu amaliyotga ko’proq hissa qo’shishini so’ragan.

Medvedev bilan muzokarada AQShning Yevropada rejalangan mudofaa tizimi tilga olinadi. Kreml raketa hujumiga qarshi mazkur tizimga qarshi ekanini va uni o’ziga tahdid deb bilishini ochiq aytgan.

Vashington sistema Eron va boshqa g’anim davlatlar hamlasiga qarshi ehtiyot chora deya ishontiradi.

Barak Obama safari oxirida Polshaga borib, Sharqiy Yevropa rasmiylari bilan uchrashadi. Tashrif davomida AQSh harbiy havo kuchlariga Polsha bazalaridan foydalanishga ruxsat beruvchi kelishuv imzolanishi kutilmoqda.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG