Prezident Obama Yevropada Rossiyani muhokama qiladi

  • Amerika Ovozi

AQSh prezidenti Barak Obama

AQSh prezidenti Barak Obama

Shu hafta prezident Obama Yevropaga yo’l oladi. U ittifoqchi davlatlar rahbarlari bilan Rossiyaning Ukrainadagi harakatlarini muhokama qiladi.

Obama avval Polshada bo’ladi. Bu mamlakat AQShdan xavfsizlik kafolatlarini kutmoqda. Aprel oyida Qo’shma Shtatlar Polshaga oz sonli qo’shinlarini yuborgan.

Prezident Obama Rossiyani Ukrainada Sovuq urush ruhida ish tutayotganlikda aybladi. AQSh aralashmasa bo’lmaydi, deydi u.

"Biz xalqaro hamjamiyat fikrini shakllantira olganimiz uchun ham Rossiya darrov yakkalandi. Amerikaning rahnamoligi tufayli dunyo zudlik bilan Rossiyaning harakatlarini qoraladi. Yevropa va Katta Yettilik bizga qo’shilib sanksiyalar joriy etdi. NATO Sharqiy Yevropadagi ittifoqchilarimizni ularga yordam berishga tayyor ekanini yana bir bor ishontirdi", - deydi Obama.

Biroq yordam hajmi hozircha sezilarli emas. Amerika Polshaga bor-yo’g’i 150 harbiy yubordi. Bu davlat mudofaa vaziri 10 ming askar so’ragan edi.

"Ukraina sharqida bo’layotgan voqealardan xavotirdamiz. Manfaatlari tahdid ostida bo’lmagan ozchilikdagi guruhni himoya qilish bahonasida qo’pol intervensiyaga guvoh bo’lyapmiz. Bundan tashvishdamiz. AQSh va butun boshli xalqaro hamjamiyatdan umidimiz katta," - deydi Polsha mudofaa vaziri Tomas Simonyak.

AQShning bu mamlakatdagi elchisi bo’lib ishlagan Kristofer Xillning aytishicha, Polshaning Ukrainaga munosabatida tarixning ahamiyati katta.

"Polyaklarning aytishicha, Rossiya Ukrainasiz oddiy Rossiyadir, ammo Ukraina bilan Sovet Ittifoqini tiklashi mumkin. Shu sababdan Polsha Ukrainaning ishi yurishib ketishidan manfaatdor", - deydi sobiq diplomat.

Yevropaga safari davomida Barak Obama Ukrainada yangi saylangan prezident Pyotr Poroshenko bilan ham uchrashmoqchi.

Polshadan Obama Bryusselga o’tib, sanoatlashgan yetti davlat rahbarlari sammitida qatnashadi. Anjuman Katta Sakkizlik shaklida Sochida o’tkazilishi kerak edi, biroq Ukrainadagi voqealardan so’ng Rossiya guruhdan chiqarilib, Katta Sakkizlik Katta Yettilikka qaytdi.

Safari so’nggida esa Obama Ikkinchi jahon urushi paytida ittifoqchi davlatlarning Yevropani natsistlardan ozod etishga qaratilgan operatsiyasining 70 yilligini nishonlash uchun Fransiyaning Normandiya shahrida bo’ladi.

Rossiya prezidenti Vladimir Putin ham marosimga taklif etilgan. U Fransiya prezidenti bilan uchrashadi, biroq Obama bilan uchrashuv rejalanmagan.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG