Obama: AQSh dunyo bilan hamkorlikni davom ettiradi

  • Amerika Ovozi

AQSh Prezidenti Barak Obama (chapda) Germaniya Kansleri Angela Merkel bilan, Berlin, 17-noyabr, 2016-yil.

AQSh Prezidenti Barak Obama (chapda) Germaniya Kansleri Angela Merkel bilan, Berlin, 17-noyabr, 2016-yil.

AQSh Prezidenti Barak Obama Yevropaga safari chog'ida birlik va hamkorlikka oid Amerikaning sinovlardan o'tgan qadriyatlari haqida so'zladi. Amerika dunyo bilan yaqin aloqada bo'lishda davom etadi, dedi u.

"NATO bilan ittifoqimiz 70 yilga yaqin AQSh tashqi siyosatining ustuni bo'lib keldi", - dedi u Germaniya Kansleri Angela Merkel bilan o'tkazgan qo'shma matbuot konferensiyasida.

Obama Merkelga "ishonchli hamkor" bo'lgani uchun tashakkur bildirib, iqlim o'zgarishi bo'yicha xalqaro bitimga har ikki mamlakat qo'shilganidan xursand ekanini izhor qildi.

AQSh yetakchisi xorijga uyushtirgan so'nggi safarida Berlinni asosiy to'xtash manzili sifatida tanladi. Iqtisodiyotda yaqin hamkor bo'lish bilan birga, Germaniya NATOning faol a'zosi hisoblanadi va minglab AQSh askarlariga o'z hududidan joy bergan.

Ayrim kuzatuvchilar fikricha, Yevropada millatchilik kuchayayotgan bir paytda Angela Merkel mintaqaning eng liberal ovozi sifatida shuhrat qozonmoqda.

"Globalizatsiyadan oldingi dunyoga qaytish bo'lmaydi, - deyiladi Obama va Merkel birgalikda chop etgan bayonotda. - Demokratiya, adolat va ozodlik qadriyatlari muvaffaqiyatli iqtisodiyotlarimiz asosida yotibdi. Hamkorligimiz chuqurlashishi va kengayishida odamlarimiz va sanoatlarimiz oldida qarzdormiz".

Respublikachi Donald Tramp AQSh prezidentligiga saylanishi ortidan yevropaliklar orasida Amerika izolyatsiya yo'lidan borishi mumkinligi haqida xavotirlar paydo bo'ldi. Safari davomida Obama ularni tinchlantirishga urindi.

Unga ko'ra, AQSh ittifoqchilari bilan yaqin hamkorlikni davom ettiradi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG