Amerikada aholining qariyb 20 foizi prezident Obamani musulmon deb biladi

  • Amerika Ovozi

Qo’shma Shtatlar azaldan dindor mamlakat hisoblanadi. Din va davlat bir-biridan ajratilgan, biroq boshqa rivojlangan o’lkalar bilan taqqoslaganda Amerikada dinga munosabat jiddiy.

E’tiqod siyosiy maydonda ham muhim rol o’ynaydi. Yuqori lavozimlarga intilayotgan siyosatchilar dindor aholi ko’nglini ovlashga o’rganib qolgan.

Yaqinda o’tkazilgan ommaviy so’rov natijalariga ko’ra, amerikaliklarning qariyb 20 foizi prezident Obamani musulmon deb hisoblar ekan.

Oq uy, AQSh prezidentining rasmiy qarorgohi va idorasi Vashingtonning Pensilvaniya ko’chasida joylashgan. Doimo sayyohlar bilan gavjum. Xorijiy mehmonlar, boshqa shtatlardan kelgan amerikaliklar Oq uyga mahliyo bo’lib turganini, uning oldida suratga tushayotganini ko’rasiz.

“Nima deb o’ylaysiz, prezident Barak Obama qaysi dinga mansub?” , deb so’raymiz bir fuqarodan.

“Bilmadim, lekin nasnoriy emasligi aniq. Menimcha, Obama musulmonlarga yaqinroq”, - deydi bu ayol.

Sabab, deya tushuntiradi bu amerikalik, Barak Obama tashqi siyosatda Amerikaning an’anaviy ittifoqchilari – Britaniya yoki Isroildan ko’ra musulmon davlatlarini ustun qo’ymoqda.

“Yoshlikda qanday diniy ta’lim olgan bo’lsangiz shu, taqdirdan qochib qutula olmaysiz”, - deya qo’shadi suhbatimizni tinglab turgan yana bir amerikalik.

Ularning javobi Pyu tadqiqot markazi yaqinda o’tkazgan so’rov natijalari bilan hamohang. Prezident Obama nasroniyman deyishiga qaramasdan, 18 foiz amerikaliklar uni musulmon deb hisoblar ekan.

Tadqiqotga boshchilik qilgan Alan Kupermanning aytishicha, Obamani musulmon deb chiqayotganlar uning faoliyatini ham salbiy baholaydi.

“Nazarimda bu fuqarolar aslida Obama musulmon ekaniga chin yurakdan ishonmaydi. Ehtimol, ular bu bilan uning irqi, kelib chiqishi, yoshligi qisman chet davlatlarda o’tganiga ishora qilayotgandir”, - deydi Alan Kuperman.

Barak Obama, ma’lumki, qora tanli musulmon ota va oq tanli nasroniy ona farzandi. Saylov kampaniyasida u “musulmon qarindoshlarim bilan faxrlanaman, saylansam, musulmon dunyosi bilan yangicha muloqot boshlaymiz” degan edi.

Obama o’zini xudojo’y nasroniy deb ta’riflaydi. Cherkovga onda-sonda qatnab turadi. Avvalgi rahbarlar, deylik, Jorj Bushdan farqi shuki, diniy qarashlarini ortiqcha reklama qilmaydi.

Tadqiqotchi Alan Kuperman nazarida bunday holat Obamaning tanqidchilariga qo’l kelayotgan bo’lishi mumkin. “Ommadan hech narsani yashira olmaysiz, Amerika siyosiy sahnasida vakuum-mavhumlik tezda mish-mish bilan to’ladi”, - deydi u.

Prezident tarafdorlari orasida ham uning e’tiqodini savolga tutayotganlar ko’p. Ommaviy so’rov natijalariga ko’ra, demokrat saylovchilarning 46 foizi uni nasroniy deb biladi. O’tgan yili bu raqam 55 foiz edi.

Qo’shma Shtatlar tarixida Barak Obama diniy qarashlari shubha ostiga olinayotgan ilk rahbar emas. 1960-yilgi saylov kampaniyasida prezidentlikka nomzod Jon Kennedi katolik sifatida Rim papasidan yo’l-yo’riq oladi, degan tanqidlar yangragan.

Ayrimlar Obamani musulmon desa, konservativ doiralarda u aslida AQShda tug’ilmagan va shu bois prezident bo’lishga haqli emas edi, degan bahslar haligacha tinmaydi.

“Dunyo tarixiga nazar tashlaydigan bo’lsak, vahimali, tagi puch, bo’lmag’ur gaplar har bir jamiyatda, ayniqsa, iqtisodiy-siyosiy qiyinchlik davrida avj oladi”, - deydi siyosatshunos Fuad Ajamiy. “Ishsizlik, tushkunlik davrida odamlar ruhiyati cho’kib, xurofotga beriladi, mish-mishlarga laqqa tushadi”, deydi olim.

Internet asrida har qanday ma’lumot, rostmi-yolg’onmi, bir zumda el og’ziga tushishi ham sir emas. Sensatsion xabarlarning oshig’i olchi. Ekspertlarning qayd etishicha, Obama haqidagi bo’lar-bo’lmas gaplar uning xalq orasidagi reytingi eng past nuqtaqa yetgan bir paytda tarqalayotgani ham bejiz emas.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG