Obama: O'zgarish oddiy odamlar faolligi bilan bo'ladi

  • Amerika Ovozi

AQSh Prezidenti Barak Obama Chikagoda so'nggi bor xalqqa murojaat qildi, 10-yanvar, 2017-yil.

AQSh Prezidenti Barak Obama Chikagoda so'nggi bor xalqqa murojaat qildi, 10-yanvar, 2017-yil.

AQSh Prezidenti Barak Obama 10-yanvar oqshomida Chikago shahridan turib Amerika xalqiga murojaat qildi. Xayrlashuv nutqi uchun u bu shaharni tanlagani bejiz emas. Chunki prezidentlik sari siyosiy kurashini sakkiz yil oldin xuddi shu shahardan boshlagan edi.

Prezident Obama o'z nutqida demokratiya mavzusiga alohida e'tibor qaratdi.

"Demokratiya butun dunyoda bir xil bo'lishi shart emas, lekin bir-birini tushunish, birdamlik bo'lishi kerak", - dedi u.

AQSh tarixida turli yaxshi-yomon kunlarni boshdan kechirdi; demokratiyamiz turli sinovlardan o'tdi, lekin har doim sabot bilan muammolarni yengib o'tganmiz, deya davom etdi AQSh rahbari.

Prezident Obama zalga yig'ilganlar bilan salomlashmoqda, Chikago, 10-yanvar, 2017-yil.

Prezident Obama zalga yig'ilganlar bilan salomlashmoqda, Chikago, 10-yanvar, 2017-yil.

Prezident kuchli demokratiyaning asosida tenglik turishini ta'kidladi. Shuningdek, u barcha uchun birdek iqtisodiy imkoniyat yaratilishi muhim ekaniga alohida urg'u berib, o'tgan yillar davomida AQSh iqtisodiyoti ancha baquvvat ko'rinishga kelganini qayd etdi. U sog'liqni saqlash tizimida amalga oshirilgan islohot natijasida bugun millionlab amerikaliklar sifatli tibbiy xizmatga imkoniyati yetadigan narxlarda ega ekanini aytdi.

Obamaga ko'ra, hali qilinadigan ishlar ko'p. Boylar va quyi tabaqa fuqarolar orasida iqtisodiy notenglik kuchayib bormoqda. Iqtisodiy imkoniyatlardan, dedi u, faqat boylar manfaat ko'rmasligi kerak.

Irqiy ayirmachilik, dedi qora tanli AQSh rahbari, demokratiyaga tahdid solayotgan ikkinchi eng katta muammodir. Muhojirlarning bolalariga bizga o'xshamagani uchun bir xil ta'lim olish imkoniyatini bermasak, o'z kelajagimizga putur yetkazayotgan bo'lamiz; chunki ertaga bu farzandlar ishchi kuchimizning salmoqli qismini tashkil etadi, dedi u.

(Chapdan) Vitse-prezident Jo Bayden, uning rafiqasi Jil Bayden, birinchi xonim Mishel Obama va uning qizi Maliya Obama Prezident Barak Obamaning nutqini tinglamoqda, Chikago, 10-yanvar, 2017-yil.

(Chapdan) Vitse-prezident Jo Bayden, uning rafiqasi Jil Bayden, birinchi xonim Mishel Obama va uning qizi Maliya Obama Prezident Barak Obamaning nutqini tinglamoqda, Chikago, 10-yanvar, 2017-yil.

AQSh prezidenti siyosiy g'oya va mafkuralarga ko'r-ko'rona yopishib, haqiqat va dalillardan ko'z yumgan holda muxoliflik qilishni demokratiya uchun uchinchi tahdid deb atadi.

"Samimiy bo'lmasdan, o'z manfaatiga xizmat qiladigan dalillarnigina tanlab olish o'z-o'zini halok qilishga yetaklaydi", - dedi Obama.

Davlat rahbari iqlim o'zgarishi jiddiy muammo ekanini tilga oldi va o'zini qayta tiklovchi energiya manbalarini yaratish bo'yicha AQSh erishgan muvaffaqiyatlarni olqishladi.

"Muammoni inkor qilish nafaqat kelajak uchun, balki mamlakatimizning asosida turuvchi innovatsiya ruhiga ham xiyonatdir", - deya u iqlim isishini inkor etuvchi toifalarga ishora qildi.

Obama nutqi davomida ko'ziga yosh oldi, Chikago, 10-yanvar, 2017-yil.

Obama nutqi davomida ko'ziga yosh oldi, Chikago, 10-yanvar, 2017-yil.

Terrorizm tahdidini ham sanab o'tgan Obama o'tgan sakkiz yil davomida AQShda xorijlik biror terrorchi yoki terror guruhi qo'poruvchilik harakatini amalga oshirmaganini aytdi.

Vatanparvar huquq-tartibot organlari fidokorligi bilan mamlakatimiz xavfsizligini ta'minlab kelyapmiz, dedi u.

Zo'ravonlik, mazhabparastlik va boshqa qarashlarga nisbatan toqatsizlikka biz yo'l qo'ymaymiz, dedi Obama.

"IShID odamlarni o'ldirishga harakat qiladi. Konstitutsiyamizda belgilangan qadriyatlarga xiyonat qilmagunimizga ular bizga tahdid sola olmaydi. Biz qo'rqmasligimiz kerak, ogoh bo'lishimiz kerak", - dedi u.

Obama Rossiyani ham tilga olib, agar to'g'ri yo'limizdan adashmasak, bunday davlatlar bizga ta'sirini o'tkaza olmaydi, dedi.

Davlat rahbari o'tgan yil oxirida bo'lib o'tgan prezidentlik sayloviga doir mojarolarni to'g'ridan to'g'ri tilga olmadi, ammo fuqarolarni siyosiy faollikka undadi.

"Ovoz berishni qiyinlashtirish emas, osonlashtirishimiz kerak", - dedi u.

Har birimizda fuqarolik mas'uliyati bor; biz odamlar o'z ishtirokimiz, ovozimiz bilan hokimiyatni taqdim etamiz, dedi prezident.

Unga ko'ra, siyosatchilarni ayblashdan oldin ularni fuqarolar o'zlari saylaganini o'ylashi kerak. Har birimiz demokratiya himoyachisi bo'lishimiz lozim, dedi u.

"Oramizda tafovutlar bo'lishiga qaramay, hammamizda bitta umumiy bog'liqlik bor. Bu demokratiyaning eng muhim maqomi. Bu - fuqarolik", - dedi AQSh prezidenti.

Shahardagi do'konlardan birining eshiga "Rahmat, Prezident Obama" deb yozilgan, Chikago, 10-yanvar, 2017-yil.

Shahardagi do'konlardan birining eshiga "Rahmat, Prezident Obama" deb yozilgan, Chikago, 10-yanvar, 2017-yil.

Nutqi so'ngida Obama rafiqasi Mishel Obamaga, farzandlariga, yordamchilariga hamda sakkiz yil davomida uni qo'llab-quvvatlagan, unga ishongan barcha fuqarolarga tashakkur bildirdi.

"Siz dunyoni o'zgartirdingiz. Bugun minbarni yanada umidvor bo'lib tark etyapman. Chunki qilgan ishimiz ko'pchilikka ilhom berdi. O'zgarishlar qilish mumkinligini ko'rsatdi. Siz teng, adolatli va barchani qamrab oladigan Amerikaga ishonasiz. Doimiy o'zgarish Amerikaning asosi ekanini bilasiz. Bu qo'rqadigan narsa emas, balki olqishlaydigan holat. Shunday ekan, Amerikaning kelajagi yaxshi qo'llarda ekaniga ishonaman", - dedi u.

Obama, shuningdek, o'zgarishlar va adolat uchun kurashishni prezidentlikdan keyin ham oddiy fuqaro sifatida davom ettirishini ta'kidladi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG