Obama politsiya ishini yaxshilash yo'llarini taklif qilmoqda

  • Amerika Ovozi

AQSh Prezidenti Barak Obama mamlakatda politsiya va jamoalar o'rtasida ishonchni tiklashga qaratilgan choralar haqida e’lon qildi. U fuqarolik huquqlari yetakchilari, huquq-tartibot organlari rasmiylari, olimlar bilan uchrashib, o’z rejasini muhokama qildi.

Prezident Obama yoshlar bilan suhbat chog’ida irqchilik haqidagi hikoyalaridan junbushga kelganini aytadi.

"Mana shu yerda o’tirgan yoshlarning o’z hayoti haqidagi gaplarni eshitib, Amerika haqidagi tushuncham darz ketmoqda", - deydi prezident.

Obamaning aytishicha, qonun doirasida tenglikni qadrlagan mamlakatda odamlarning tana rangi uchun adolatsiz muomaladan shikoyat qilishi to’g’ri emas.

"Amerika jamiyatining biror bo’lagi adolatli muomaladan mahrum ekan, bu barchamiz uchun muammo. Bu bir odam, muayyan bir jamiyat yoki bir elat uchun muammo emas. Bu mamlakat sifatida kuchsiz ekanimizdan dalolat", - deydi Obama.

Davlat rahbari huquq-tartibot organlari vakillari yuzlashayotgan qiyinchiliklarni ham tilga oldi. Biroq politsiya va oq tanli bo’lmagan jamoalar o’rtasidagi tafovutlarni yengish qiyinmas, dedi u.

"Qattiqroq mehnat qilsak, jamoalar va ularning xizmatidagi politsiya jinoyatga qarshi kurashda hamkor bo’lishi mumkin. Shunda hamma o’zini xavfsiz his etadi, o’zaro ishonch ortadi, ammo bu bir kechada bo’ladigan ishmas", - dedi Obama.

Prezidentga ko’ra, bu maqsadga erishish uchun politsiya federal, shtat va mahalliy darajada ba’zi qoidalarga rioya qilishi kerak bo’ladi.

Inson huquqlari faollarining e’tirozi shuki, Fergusondagi namoyishlar paytida politsiya harbiy qurollardan foydalangan.

“Men imzolayotgan yangi farmonda dastur shaffof bo’lishi va nazorat etilishi uchun nima qilish kerakligi bitiladi. Huquq-tartibot tizimi harbiylashishining oldini olamiz", - dedi Obama.

Davlat rahbari politsiyani isloh qilish, jihozlash va tayyorgarlikdan o’tkazish uchun qator tashabbuslar taklif qilishini bildirdi. 263 million dollarlik dastur doirasida politsiyachilar uchun 50 ming dona kichik videokameralar xarid qilinadi.

Huquq faollari nazarida prezident bilan kechgan uchrashuv samarali o’tdi, ammo bu bilan cheklanmaslik lozim.

"Biz bu mamlakatda huquq-tartibot organlarini hurmat qilishimiz kerak, ular esa qonunni. Fergusondagi sud hay’atining qarori ayrimlar uchun yangilik bo’lmadi. U, shunchaki, xalqqa tamoyillarimizga sodiq qolish kerakligini eslatdi. Prezident biz va yosh liderlarni bugun bir joyga to’plagani tarixiy bir voqeadir, ammo bu oxirgi uchrashuv bo’lmasligi kerak", - deydi fuqarolik huquqlari yetakchisi Al Sharpton.

Prezident Obama mavzuni shaxsiy nazoratiga olishini aytdi, chunki uning nazarida yoshlarning o’z hayoti haqidagi hikoyalaridan uning Amerika haqidagi tushunchasi darz ketdi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG