2015-yil: Oq uy, Kongress va AQSh tashqi siyosati

  • Amerika Ovozi

Prezident Barak Obamaning tashqi siyosatini keskin tanqid qiluvchi respublikachilar yanvar oyidan boshlab Kongressda hukmron... Ukrainadan tortib Yaqin Sharqqacha, Obamaning strategiyasi ularga ma'qul emas.


Global mojarolar kuchayar ekan, senator Bob Korker kabi respublikachilarning tanqidi ham oshmoqda.

"Ma'muriyat Suriyadagi "Islomiy davlat"ni qanday qilib yo'q qilmoqchi? Bu haqda biror tushunchaga ega emasman", - deydi Korker.

Senator Jon Makkeyn ham shu fikrda.

"Bu prezident Vladimir Putinni yaxshi bilmaydi. Uning maqsadlarini, Putinning rus imperiyasini qayta tiklashni ko'zlayotgan sobiq KGB polkovnigi ekanini tushunmaydi", - deydi u.

Yanvardan Korker Senatning Tashqi aloqalar qo'mitasiga rahbarlik qiladi. Makkeyn esa Qurolli kuchlar qo'mitasiga.

"Jon Makkeyn kamdan-kam hujumga o'tadi. U nima qilish kerakligini biladi. Prezident shuni bajarmayapti", - deydi Rozenberg.

Tahlilchi Styuart Rozenberg fikricha, yangi Kongress Obamaning tashqi siyosatiga ta'sir o'tkazish kuchiga ega.

"Ular nafaqat mahalliy byudjet, balki xalqaro xarajatlar, milliy xavfsizlik, qurolli kuchlar kabi masalalarda ham Obamaning harakatlarini cheklashlari mumkin. Xalqaro siyosat, odatda, prezident ko'proq erkinlikka ega soha hisoblanadi", - deydi tahlilchi.

Prezident Obama yana ikki yil mamlakatni boshqaradi. Ammo respublikachilar nazoratidagi Kongress qo'mitalari uning erkin ishlashiga xalaqit beradi, deydi siyosatshunos Uilyam Xovel.

"Ular Obama ma'muriyatining tashqi siyosatdagi xatolarini ko'rsatishdan manfaatdor. O'z muloqot shartlarini taklif qilishlari, tekshiruv o'tkazishni so'rashlari mumkin", - deydi u.

Senator Makkeyn "Islomiy davlat"ga qarshi kurash bo'yicha Mudofaa vaziri yordamchilaridan biri Elissa Slotkinni jiddiy so'roqqa tutdi.

Prezident Obama o'z partiyadoshlari tanqididan ham xoli emas. Masalan, senator Robert Menendez Eron bilan olib borilayotgan muloqotga shubha bilan qaraydi.

"Biz hozir Eronning shartlari bo'yicha ishlayapmiz", - deydi u.

"Kongressda hozir qarama-qarshilik kuchaygan", - deydi Tomas Pikering.

Respublikachilar yetakchilarini yaxshi taniydigan sobiq diplomat Pikering siyosiy murosadan umidvor.

"Senator Makkeyn ham, senator Korker ham milliy manfaatga kelganda mas'uliyatni yaxshi his qiladigan odamlar", - deydi u.

Yangi Kongress ishga tushishi bilan tashqi siyosat bo'yicha bahslar avj olishi mumkin. Senator Korkerning aytishicha, agar Eron bilan muzokaralar muvaffaqiyat yakunlansa, qonunchilar yangi sanksiyalarni joriy etishga tayyor.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG