Obama jamoat kollejlarida o'qish bepul bo'lishini taklif qilyapti

  • Amerika Ovozi

Ta’lim va kasb-hunar sizni farovon hayot sari yetaklaydi, deydi prezident Barak Obama. Ammo bu davlatda ta’lim olish arzon emas. Ko’pchilikning qurbi yetmaydi. Talabalar o’qishni katta qarz bilan tamomlaydi. AQSh rahbari bepul o’qitadigan jamoat kollejlari ochishni taklif etmoqda.

Oliy o’quv yurtiga kirishga kelganda, Helen Ladel buning moliyaviy tomonlarini o’ylaydi.

“Maktabni bitirganimdan keyin to’rt yillik universitetda o’qish niyatim bor edi. Lekin pulim yo’q. Ota-onam ham bunday xarajatni ko’tarolmaydi. Hech qayerdan yetarli ko’mak va stipendiya ololmadim”, - deydi u.

Ladel hozir Merilend shtatidagi Montgomeri kollejida video-montaj sohasini o’rganyapti. O’qishini keyinchalik universitetga ko’chirmoqchi.

Prezident Obama e’lon qilgan reja Kongressda tasdiqlansa, Helen Ladel kabi studentlar jamoat kollejida ikki yil bepul o’qish imkoniga ega bo’ladi.

“Bakalavr unvonining yarmini tekinga olsa yomonmi? Kasb-hunar o’rganayotganlar esa mutaxassisligi bo’yicha darrov ishga o’rnashadi. Qarz deb boshi qotmaydi”, - deydi prezident.

Oq uy ma’lumotiga ko’ra, to’qqiz million talaba dasturga yozilishi mumkin. Ular yiliga o’rtacha to’rt ming dollar tejaydi.

Bepul o’qishning o’z shartlari bor. Baholaringiz to’rt balli GPA shkalasida o’rtacha 2,5 ga teng bo’lishi, kollejni tamomlashga xohish-intilish borligini ko’rsatishingiz kerak.

Montgomeri kolleji rahbari Derion Pollard fikricha, prezidentning taklifi ta’lim tizimini tubdan o’zgartiradi.

“Bunday ko’makka muhtoj oilalar juda ko’p. Bakalavr darajasiga harakat qilayotgan yoshlar ko’payib bormoqda. Bu raqobat bilan bog’liq masala ekanini ham unutmaylik. Xalqaro sahnada AQSh raqobatbardosh bo’lsin desak, ta’limga e’tiborni oshirish kerak”, - deydi kollej direktori.

Obama taklif qilayotgan ikki yillik programma 10 yilda 60 milliard dollarga tushadi. Respublikachilar hukmron Kongress, shuningdek, mahalliy hukumatlar bunga yo’q deyishi tayin, chunki ko’p joylarda byudjet hamon chatoq. Pul yo’q.

Xarajatni federal hukumat va shtatlar teng qoplashi belgilangan. Statistikaga ko’ra, yo’qsil oila farzandi ishlayman deb ko’pincha o’qishni tashlab qo’yadi.

“Ammo dastur ishga tushsa, o’qishni tashlab ketayotganlar kamayadi va yoshlar orasida talaba bo’lishga qiziqish ortadi”, - deydi studentlardan biri Jastin Mills.

Yo’qsillikka barham berishning, o’rta sinfga qo’shilishning eng yaxshi yo’li ta’lim, deya eslatadi Obama. Yoshlarga ana shunday imkoniyat berilmoqda.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG