Prezident Obama: Jahonda yegulik muammo bo’lmasligi kerak

  • Amerika Ovozi

Obama to'rt kun davomida katta xalqaro anjumanlarga bosh bo'ladi

Obama to'rt kun davomida katta xalqaro anjumanlarga bosh bo'ladi

Prezident Barak Obama jahonda yegulik bilan bog’liq ahvolni yaxshilash yo’lida yangi global hamkorlik tashabbusini e’lon qildi.

Amerika ochlik va muhtojlikka qarshi kurash boshida turishi kerak, farzimiz bu, dedi Obama bugun Vashington yaqinidagi Kemp Deyvid qarorgohida Katta Sakkizlik sammitini ochib berar ekan.

Tashabbus dehqonlar daromadini oshirib, kelasi 10 yilda 50 million odamni yo’qsillikdan olib chiqishni maqsad qilgan.

Obama to’rt kun davomida yirik xalqaro anjumanlarga mezbonlik qiladi. Birinchisi iqtisodiyoti yirik sakkiz davlatning sammitida neft bozoridagi ahvol, energetika, iqlim muammolari, Yaqin Sharq va Afrika shimolidagi siyosiy o’zgarishlar hamda yevro bilan muomala qiluvchi davlatlar tanazzuli haqida fikr almashilmoqda.

Obama Katta Sakkizlikning ikki kunlik yig’iniga Afrikadan Benin, Efiopiya, Gana va Tanzaniya vakillarini ham taklif qilib, mintaqa aholisini yegulik bilan ta’minlash borasida gaplashmoqda.

Fransiya yangi rahbari Fransua Olland va Amerika prezidenti Barak Obama yevrozonada o'sishni rag'batlantirish kerak deb hisoblaydi, lekin Afg'oniston borasida fikrlari farqli

Fransiya yangi rahbari Fransua Olland va Amerika prezidenti Barak Obama yevrozonada o'sishni rag'batlantirish kerak deb hisoblaydi, lekin Afg'oniston borasida fikrlari farqli

Kemp Deyvidga yo’l olishdan oldin Obama Oq uyda Fransiya yangi rahbari Fransua Olland bilan yuzma-yuz uchrashdi. Sotsialist arbob Yevropadagi iqtisodiy tanglikni hal qilish uchun faqat sarfiyatni kesish, ish joylarini qisqartirish bilan cheklanish to’g’ri emas, o’sishni ham rag’batlantiraylik, yangi ish o’rinlari yarataylik, deydi.

Yevro krizisi Amerika iqtisodiyotiga ziyon qilib, kuzda prezidentlikka qayta saylanishiga halaqit berishidan xavotirda yurgan Barak Obama ham ayni yondashuv tarafdori. Gretsiyada favqulodda tejamkorlik va soliqlarni oshirish siyosati xalq g’azabiga, yirik namoyishlarga turtki bergan.

Kemp Deyvid qarorgohida Olland va Obama Germaniya kansleri, tejamkorlik siyosatining ashaddiy himoyachisi Angela Merkel bilan hamda Kanada, Britaniya, Italiya, Yaponiya va Rossiya rahnamolari bilan ko’rishmoqda.

Yakshanba kuni Chikago shahrida NATO, Shimoliy Atlantika Bitimi Tashkilotining ikki kunlik anjumani rejalangan.

Fransiya yangi prezidenti o’z qo’shinlarini Afg’onistondan shu yil oxiriga qadar olib chiqishini bildirgan, ya’ni avval ko’zlanganidan ikki yil oldin. Barak Obama Fransua Ollandni fikridan qaytarishga urinib ko’radi.

Obama Chikagoda Pokiston prezidenti Osif Ali Zardariy bilan alohida muzokara qilmoqchi. O’tgan yili Afg’oniston bilan chegarada Amerikaning yanglish havo hujumida pokistonlik 24 askar o’lib, aloqalar taranglashgan va Islomobod NATO tranzit yo’llarini yopib qo’ygan edi.

Pokiston talabi shuki, AQSh kechirim so’rashi shart. Lekin Vashington faqat ta’ziya izhor etdi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG