Yonilg’i qimmatligi Obama qayta saylanishini qiyinlashtiradi

  • Amerika Ovozi

6-noyabr kuni Amerikada prezident saylovlari. Barak Obama bilan bellashish uchun Respublikachilar partiyasidan 10 arbob maydonga chiqqan edi, hozir to’rt nafari qolgan.

Massachusets shtati sobiq gubernatori Mitt Romni va Pensilvaniyadan sobiq senator Rik Santorum o’rtasida nomzodlik uchun qattiq kurash ketmoqda. Ikkinchi muddatga saylanish uchun prezident Obama oldida to’siqlar talay.

Shtatma-shtat o’tayotgan saylovlarda Mitt Romni peshqadam, u Barak Obama bilan bellashishga tayyor.

“Prezidentning o’zi aytgan edi: agar uch yilda iqtisodni yaxshilay olmasam, bir muddat ham yetadi menga deb. Eslataylik unga”, - deydi Romni.

Gap shundaki, partiyaviy saylovlar cho’zilgani sari muxolifat tarqoq ekani ham ko’zga tashlanmoqda. Bir nomzod atrofida birlasha olmayapti.

Bir litr benzin narxi bir dollardan oshiq

Bir litr benzin narxi bir dollardan oshiq

Bu Obama uchun ayni muddao, lekin yonilg’i qimmatlagan sari prezidentning reytingi ham tushib bormoqda.

Turli shtatlardan poytaxtga, Oq uyni ko’rishga kelgan amerikaliklar qimmatchilikdan noliydi.

“Narx-navo oshib ketgani rost. Menga o’xshab avtomobilda katta yo’l bosib kelsangiz darrov seziladi”.

“Prezident qo’lni qovushtirib o’tirmasin. Nima qilish kerakligini o’ylasin”.

“Eron va Isroil o’rtasida urush boshlanishi mumkin degan vahima neft narxini ko’tarib yubordi. Buning Obamaga dahli yo’q”, - deydi fuqarolar.

Demokratlar nazarida raqib tomon mavzuni bahona qilib, tanqidga zo’r bermoqda.

“Muammoning kaliti bo’lsa, uni allaqachon ishga solgan bo’lardik. Osongina yechim bor deyayotganlarga ishonmang. Siyosiy o’yin bu”, - deydi prezident Obama.

Tadqiqotchi Piter Braun fikricha, respublikachi da’vogarlar orasida ayovsiz kurash prezidentga qo’l keladi.

Prezidentlikka respublikachilardan yetakchi nomzod Mitt Romni

Prezidentlikka respublikachilardan yetakchi nomzod Mitt Romni

“Avvaliga Gingrich va Romni, hozir esa Santorum va Romni salbiy reklamalar uchun millionlab dollar pul sarflayapti. Bir-birini suvga cho’ktirish uchun har narsaga tayyor ular”.

Ammo noyabrgacha hali ancha vaqt bor. Siyosiy-iqtisodiy manzara o’zgarishi mumkin. Siyosatshunos Genri Olsen deydiki:

“Ayni damda ustunlik Obama tomonda. Qayta saylanishi kafolatlangan demayman, ammo imkoniyati yuqori. O’ziga ortiqcha ishonib yubormasa bo’lgani”.

Ommaviy so’rovlar natijasiga ko’ra, Obama Rik Santorumni osonlikcha yengishi mumkin. Biroq Mitt Romni respublikachilardan nomzod bo’lsa, ozmuncha ter to’kishga to’g’ri keladi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG