Obama Riyodda Fors ko'rfazi davlatlari sammitida qatnashdi

  • Amerika Ovozi

AQSh Prezidenti Barak Obama Riyodda Fors ko'rfazi davlatlari rahbarlari bilan uchrashib, mojarolar bilan o'ralashib qolgan Yaqin Sharqda barqarorlikni tiklash masalasini muhokama qildi.

Fors ko'rfazi hamkorligi kengashining yetti a'zo davlati qatnashgan yig'inda Suriya, Yaman, Iroq va Liviyadagi vaziyatga alohida e'tibor berildi.

Shuningdek, "Islomiy davlat" va "Al-Qoida"ga qarshi kurashni kuchaytirish, Eronning ta'sir doirasini kesish mavzulari muhokama qilingan.

Uchrashuv so'nggi paytlarda AQSh va uning arab ittifoqchilari o'rtasida munosabatlar sovuqlashayotgan bir paytda o'tmoqda.

Vashington e'tiborini ko'proq mojarolarga siyosiy yechim topish va mintaqada demokratik islohotlar o'tkazishga qaratmoqda.

Fors ko'rfazi davlatlarining xavotirlari

Mintaqaning ayrim davlatlari, xususan, Saudiya Arabistoni mazhablararo zo'ravonlikni xavfsizlik uchun eng katta tahdid sifatida ko'radi. Bu borada shialar boshqaruvidagi Eronga beqarorlik manbai sifatida qaraladi.

Mintaqadagi zo'ravonliklar mavzusi ketidan anjuman qatnashchilari e'tiborni "Islomiy davlat" va "Al-Qoida" guruhlariga qarshi kurash masalasiga qaratdi.

AQSh va G'arbning ko'plab davlatlari terrorchi guruhlarni global xavfsizlik uchun eng katta muammo sifatida ko'radi va aksil-terror amaliyotlariga ko'proq arab davlatlarini jalb etish kerak, degan fikrda.

Uchrashuvning oxirgi qismi Eron va uning mintaqa barqarorligiga zarar yetkazayotgan harakatlariga bag'ishlandi.

Tehron Yamanda hokimiyatni egallab olgan hutiy isyonchilarini qo'llab-quvvatlaydi. Saudiya Arabistoni esa bu isyonchi guruhga qarshi harbiy kampaniya boshlagan.

AQSh arab davlatlari uchun do'st bo'lib qoladi

Obama sammitdan foydalanib, AQSh Fors ko'rfazi xavfsizligi uchun eng yaqin hamkor bo'lib qolishini aytmoqchi, deydi mintaqa bo'yicha ekspert Husayn Ibish.

"Eron o'z xatti-harakatlarini o'zgartirish imkoniyatidan foydalanmadi. Raketa sinovlarini davom ettirayotgan bir paytda Tehronga qarshi keskinroq tilda qo'shma bayonot chiqarilishi mumkin", - deydi u.

AQSh mintaqadagi hamkorlari uchun qo'shimcha harbiy yordam e'lon qilishi kutilmoqda. Ammo mintaqa muammolarini qanday hal qilish bo'yicha Amerikadan ko'p narsa kutmaslik kerak, deydi kuzatuvchilar.

AQSh-Saudiya Arabistoni ziddiyatlari

Obama Saudiya Arabistoni qiroli Salmon bilan yopiq eshiklar ortidagi muloqotda 2,5 soat gaplashgan. Azaliy ittifoqchilar orasida ziddiyatli masalalar talay. Eronga nisbatan siyosat, mintaqadagi mojarolarni qanday hal qilish va terrorizmga qarshi kurashda turlicha yondashuvlar shular jumlasidan.

AQSh rahbarini aeroportda qirol shaxsan kutib olmagani oradagi sovuqlik nishonasi deb ko’rilmoqda.

Obama chorshanba kuni Abu Dabi shahzodasi, Birlashgan Arab Amirliklari Qurolli kuchlari oliy qo'mondoni o'rinbosari Shayx Muhammad bin Zaid Al-Nahyan bilan ham uchrashdi.

Sammit so'ngida Prezident Obama bayonot bilan chiqishi kutilyapti. Shundan so'ng u Britaniyaga jo'nab ketadi. Londonda AQSh rahbari Bosh vazir Deyvid Kameron bilan terrorizmga qarshi kurash, Yevropadagi muhojirlar inqirozi va global iqtisodiyot kabi mavzularda fikr almashadi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG