Obama va Merkel erkin savdo bitimi va boshqa mavzularda gaplashdi

  • Amerika Ovozi

Obama va Merkel Gannoverda, Germaniya, 24-aprel, 2016-yil

Obama va Merkel Gannoverda, Germaniya, 24-aprel, 2016-yil

AQSh Prezidenti Barak Obamaning aytishicha, erkin savdo bitimiga qarshi e’tirozlarga qaramay, AQSh va Yevropa Ittifoqi hujjatni yakuniga yetkazishi kerak.

"Qo’shma Shtatlar erkin savdodan foyda ko’rdi, boshqa mamlakatlar ham”, - dedi Obama Gannoverda Germaniya kansleri Angela Merkel bilan qo’shma matbuot anjumani paytida.

Bu ikki davlat Transatlantik savdo va sarmoya sherikligi deb nomlangan tashabbusni olga’ surib keladi.

Germaniya hukumatiga ko’ra, bitim kuchga kirsa, global iqtisodiyot yanada rivojlanadi, kichik va o’rta biznes uchun jahon bozorida raqobat qilishga imkon paydo bo’ladi, qog’ozbozlik kamayadi.

Biroq tanqidchilar nazarida, kelishuv jamoatchilik nazoratidan tashqarida o’tkazilgan muzokaralarda qabul qilindi, undan faqat yirik xalqaro kompaniyalar foyda ko’radi, iste’molchi va ishchilarning manfaatlari hisobga olinmagan.

Rasmiylar hisobicha, AQSh-Yevropa kelishuvi natijasida savdo oboroti yiliga 100 milliard dollarga ko’payadi.

Obamaga ko’ra, globalizatsiya jarayonlariga qarshilar bitimga e’tiroz bildirmoqda. “Yanvar oyida lavozimdan ketgunimgacha bu ishni oxiriga yetkazaman”, - deydi u.

Biroq a’zo mamlakatlar parlamentlari uni tasdiqlashiga ko’proq vaqt ketishi mumkin.

AQSh va Yevropa Ittifoqi 2013-yildan beri shartnoma xususida muzokara qilib keladi. Ayni paytda Qo’shma Shtatlar Yaponiya va Tinch okeani bo’yidagi bir necha mamlakat bilan o’xshash bitimga kelishgani jarayonni tezlatishi mumkin.

Obama Germaniyaga safari chog’ida Merkel bilan terrorizm, Yevropadagi qochqinlar, xavfsizlik mavzularida ham gaplashdi.

Merkel Suriyada xavfsiz zona yaratish rejasini qo’llab-quvvatlashini bildirar ekan, Jenevada Suriya hukumati va muxolifati o’rtasida kechayotgan muzokaralar natija berishiga, tinchlik qaror topsa migrantlar inqirozi hal etilishiga umid qilmoqda.

Obamaga ko’ra, harbiy kuch ishlatmasdan xavfsiz zonani joriy etib bo’lmaydi.

AQSh va Germaniya rahbarlari Ukraina sharqida sulhga amal qilinmayotganini tashvish bilan tilga oldi. Liviyada qo’shma hukumatni qo’llab-quvvatlash muhimligini qayd etdi.

Dushanba kuni Merkel va Obama Britaniya, Fransiya va Italiya rahbarlari bilan majlis qiladi.

Oq uy rasmiylariga ko’ra, tomonlar iyul oyida NATOning Varshavada bo’ladigan sammiti bo’yicha ham gaplashib oladi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG