"Qaddafiy ketishi kerak, lekin havo hujumlaridan maqsad bu emas"

  • Amerika Ovozi

Ajdabiya, Liviyaning yirik shaharlaridan biri, muxolifat va hukumat kuchlari orasidagi jang maydoni

Ajdabiya, Liviyaning yirik shaharlaridan biri, muxolifat va hukumat kuchlari orasidagi jang maydoni

Amerika pozitsiyasi shuki, deydi prezident Barak Obama, Liviyada Muammar Qaddafiy hokimiyatdan ketishi kerak.

"Ammo hozir xalqaro koalitsiya olib borayotgan havo hujumlaridan maqsad bu emas. Yagona maqsad Liviya xalqini zolim rahbaridan himoya qilish",- deydi Obama.

"Missiya bir necha bosqichdan iborat bo'ladi va arab dunyosi biz bilan ekanini bilamiz. Operatsiyada arab davlatlarining havo kuchlari ham faol ishtirok etmoqda", - deydi u.

Obamaning aytishicha, harbiy choralardan tashqari, Amerika va uning ittifoqchilari moliyaviy tadbirlar ham ko'radi, xususan, Muammar Qaddafiy va uning tuzumiga tegishli mulklar muzlatiladi. Mavjud sanksiyalar yanada keskinlashadi.

"Liviyada vaziyat daqiqa sayin o'zgarmoqda. Biz ahvol bilan yaqindan tanishmiz. Missiyaning birinchi bosqichi tugadi, ya'ni Liviya havo kuchlari yakson qilindi. Yaqin kunlarda missiyaga AQSh emas, uning ittifoqchisi bo'lgan boshqa davlat boshchilik qiladi", - deydi Barak Obama.

Asosan Amerika, Fransiya, Britaniya va Italiya tashabbusi bilan boshlangan bu missiyaga Yevropa hamjamiyatining munosabati turlicha.

Bugun NATO, Shimoliy Atlantika Shartnomasi Tashkiloti a'zolari Bryusselda uchrashib, Liviyadagi operatsiyalarda yetakchilikni qo'lga olish-olmaslik masalasini ko'rib chiqqan. Biror to'xtamga kelinmagan.

Turkiya, alyans a'zosi, nazarida qatnashish shartlarini aniqlab olish kerak.

Mamlakat Bosh vaziri Rajap Toyyip Erdog'an, Saudiya Arabistoniga safari chog'ida bu masalaga to'xtalar ekan, "NATO bu ishga bosh qo'shadigan bo'lsa, maqsad istilo emas, yordam ekanini isbotlay olishi kerak", - dedi.

"Liviya taqdirini bu xalqning o'z hal etishi kerak",- deydi Erdog'an.

G'arb siyosatini tanqid ostiga olayotganlardan biri Rossiya bo'lib, Bosh vazir Vladimir Putin fikricha, Liviya uzra havo hujumlari o'rta asrlardagi salib yurishlarini, ya'ni nasroniylarning musulmon dunyosiga qilgan xurujlarini eslatadi. Oradan sal o'tmay, prezident Dmitriy Medvedev Putinning so'zlarini "o'rinsiz" deya ta'riflagan.

Eron oliy peshvosi Oyatulla Hominiy nazarida esa AQSh boshchilidagi xalqaro koalitsiya Liviyani bosib olib, musulmon dunyosida ro'y berayotgan inqiloblarni yaqindan nazorat qilmoqchi. Eron rahbarlari bu revolyutsiyalarni "islomiy inqiloblar" deb ko'radi.

Eronda yangi yil kirar ekan, oyatulla bugungi maxsus ma'ruzasida Liviya hukumatini o'z xalqini qirganlikda ayblab, Muammar Qaddafiyni qonxo'r deya atagan.

"Liviya taqdirini bu xalqning o'z hal etishi kerak",- deydi Turkiya Bosh vaziri Rajap Toyyip Erdog'an

"Liviya taqdirini bu xalqning o'z hal etishi kerak",- deydi Turkiya Bosh vaziri Rajap Toyyip Erdog'an

Germaniya, NATO a'zosi, operatsiyaga qo'shilmagan. Tashqi ishlar vaziri Gvido Vestervellening tushuntirishicha, uning davlati ham Qaddafiy ketishi kerak degan fikrda. Lekin uni bunga majburlash va Liviya xalqini himoya qilish uchun sanksiyalar qo'llash -eng ma'qul chora.

Yevropa Ittifoqi bugundan e'tiboran Liviya rasmiylari va kompaniyalariga nisbatan sanksiyalarni kuchaytirgan, xususan, bu davlatga tegishli barcha hisob raqamlari muzlatiladi.

Hindiston G'arb harakatlaridan afsusda. Havo hujumlari, deydi bu davlat Tashqi ishlar vaziri S.M. Krishna, begunoh insonlar hayotiga zomin bo'ladi.

"Liviyada chet el fuqarolari va diplomartlar ham bor",- deya eslatadi u.

Arab Ligasi esa missiya to'g'ri, belgilangan maqsadlarga muvofiq bajarilishi kerak deb bong urmoqda.

BMT Bosh kotibi Pan Gi Munning qayd etishicha, xalqaro hamjamiyat BMT rezolyutsiyasini amalga oshirishda bir yoqadan bosh chiqarishi kerak.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG