Obama Orlandoga borib, qatliom qurbonlarining yaqinlari bilan uchrashdi

  • Amerika Ovozi

Prezident Barak Obama Florida shtatining Orlando shahriga borib, 12-iyun kuni tungi klubda o'ldirilgan 49 insonning oila a'zolari bilan ko'rishdi.

"Hamdardmiz deyishning o'zi yetmaydi, chunki bu oilalar chekkan azobni so'z bilan tasvirlab bo'lmaydi, tilimiz ojiz",- deydi Obama.

"Bu qatliomlarni qanday qilib to'xtatamiz deb so'rashadi. Oson javob yo'q".

Umar Matin ismli afg'on-amerikalik gomoseksual odamlar bilan gavjum klubda o't ochib, 49 kishi o'ldirgan. O'zi politsiya o'qidan o'lgan. Uch soat davom etgan voqeada 53 odam jarohatlangan.

Matin ham aslida gomoseksual bo'lganmi degan savolga javob izlanmoqda. Uning gey-klublarga qatnab turgani ma'lum bo'ldi. Matinning rafiqasi uning qonli rejalari haqida oldindan bilgan bo'lishi mumkin. Bu ham tekshirilmoqda.

Matin hujumni "Islomiy davlat" sharafi uchun qilganini aytgan lekin terror guruhi bilan bevosita aloqada bo'lgani hozircha mavhum, deydi tergovchilar.

AQSh Kongressi a'zolari "Facebook" ijtimoiy tarmog'idan Umar Matinning akkaunti bilan bog'liq ma'lumotlarni so'ramoqda. Matin tashqi dunyo bilan, xususan terrorchilar bilan qanchalik aloqada bo'lgani tekshirilmoqda. Matin yaqin kelajakda AQShda xurujlar bo'ladi, degan.

Matin qurol-aslaha sotib olishga borgan do'kon egalari huquq-tartibot organlarini ogohlantirgan. Federal Qidiruv Byurosi bu yigit bilan bir necha bor gaplashgan.

"Shunday ekan, nega chora ko'rilmadi",- deya so'ramoqda demokrat senator Dik Durbin.

Orlandoda omma oldida so'zlar ekan, Prezident Obama Amerika bundan qora kunlarni ko'rayotganida o'zini ayblashi kerak, dedi. Qatliomlarni bartaraf etish uchun keskin choralar ko'rish kerak, deydi prezident, Kongressda hukmron respublikachilar qurol nazoratini kuchaytirishga qa'tiyan qarshi ekaniga ishora qilib.

Orlando, 16-iyun, 2016

Orlando, 16-iyun, 2016

Prezident Obama va Vitse-Prezident Jo Bayden politsiyachilar, tibbiy xodimlar va huquq-tartibot organlari vakillari bilan muloqot qildi. Shuningdek, qatliom yuz bergan "Pulse" gey-klubi egalari va ishchilari bilan ham ko'rishdi. Rahbrlar xotira marosimlarida qatnashishdi.

Prezident Obama murojaati, ingliz tilida:

Jamoatchilik prezident kelganidan mamnun lekin ularning dardini hozir hech kim yengil qila olmaydi. Orlando motamda.

Xotira marosimiga kelgan floridaliklardan biri:

"Odamlar prezidentni xohlaganicha baholaydi. Kimdir u nima ham bilar edi yoki nima ham qila olar edi, deyishi mumkin. Mening nazarimda, prezident umuman befarq emas. Qarang, bizning oramizda. O'lganlarni tiriltira olmaydi biroq odamlarning yuragi azobga to'la ekanini biladi va biz bilan".

Obamani yoqtirmaydigan bir ayol ham bu fikrga qo'shiladi:

"Prezident qayg'uda, bunga shubham yo'q".

Buni ham ko'ring: Orlando qatliomi qurbonlari xotirlanmoqda:

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG