Obama: Guantanamoni yopish milliy xavfsizligimizni kuchaytiradi

  • Amerika Ovozi

AQSh Mudofaa vazirligi Guantanamo qamog'ini yopish bo'yicha reja ishlab chiqdi. Prezident Barak Obama uni qo'llab-quvvatlab, qamoqxona davlat xavfsizligini ta'minlashga xizmat qilmaydi, aksincha uni tahdid ostiga qo'yadi, deya ta'kidladi.

Prezident deydiki, hibsxona jihodchilar uchun targ'ibot quroli. AQShga qarshi jangarilarni yollashda bu inshoot mavjudligi terrorchilarga qo'l kelmoqda, deydi Obama.

2009-yil Oq uyga kelishi bilan Obama Guantanamoni yopish haqidagi farmonga imzo chekkan edi. Ammo oradan yetti yil o'tib ham u hanuz ochiq.

Pentagon rejasiga ko'ra, hibsxona faoliyati 90 kun ichida butunlay tugatiladi. Ammo Kongress bunga qarshi. Chunki Guantanamoda ayni paytda 90 mahbus bor. Takliflardan biri shuki, ularning bir qismini vatanlariga yoki uchinchi mamlakatlarga chiqarib yuborib, qolganlarini AQShdagi eng mahkam qamoqxonalarga ko'chirish kerak.

Oq uy so'zlovchisi Josh Ernest ta'kidlashicha, Kongress harbiylar va xavfsizlik bo'yicha eng malakali mutaxassislar prezidentga berayotgan maslahatlarni nazarga olmayapti.

Prezident Obama qamoqxonani yopish masalasida bir o'zi qaror qilmasdan, Kongress bilan hamkorlikda ish ko'rishni afzal ko'radi, dedi Oq uy rasmiysi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG