Breaking News

AQSh-arab sammitida mintaqaviy xavfsizlik va Eron muhokamada


Prezident Barak Obama AQSh-arab sammitiga mezbonlik qilmoqda. Fors ko'rfazi kengashiga a'zo davlatlar - Quvayt, Qatar, Bahrayn, Saudiya Arabistoni, Birlashgan Arab Amirliklari va Ummondan delegatsiyalar Vashingtonga kelgan. Obamaning aytishicha, Yaqin Sharqda vaziyat chigal.

Kecha Oq uyda boshlangan sammit bugun prezident Obamaning Kemp Deyvid qarorgohida davom etmoqda. Kun tartibidagi asosiy mavzular - Iroq, Suriya, Liviya va Yamandagi qonli mojarolar hamda Eronning mintaqadagi roli.

AQSh rahbarining xavfsizlik bo'yicha maslahatchisi Ben Rouds so'zlariga ko'ra, Fors ko'rfazi kengashi bilan harbiy hamkorlik Vashington uchun muhim ahamiyat kasb etadi. Kengash a'zolarining o'zaro hamkorligi, shuningdek, Qo'shma Shtatlar bilan rishtalar muhokama qilinmoqda.

"Arab ittifoqchilarimiz bilsinki, AQSh ularni tashqi xatardan himoya qilish mas'uliyatini o'z zimmasiga olgan. Kerak bo'lsa, harbiy kuch ishtatishga ham tayyor", - deydi Oq uy rasmiysi.

Prezident Obama kecha Saudiya qirolligi valiahdi, shahzoda Muhammad bin Nayef bilan muloqot qildi. Qirol Salmon sammitga kela olmagan.

"AQSh va Saudiya Arabistoni o'rtasidagi do'stlik 70 yillik tarixga ega. Regiondagi hozirgi murakkab sharoitda ham yaqindan hamkorlik qilyapmiz", - deydi Obama.

Tomonlar Yamanda yaqinda e'lon qilingan sulh ish berishiga umid bildirmoqda. Eron quvvatlovidagi hutiy isyonchilar bu mamlakatda hokimiyatni egallagan va Saudiya Arabistoni boshliq koalitsiya ularni havodan nishonga olib kelayotgan edi.

Fors ko'rfazi davlatlari Eronning atom dasturi ustida ketayotgan xalqaro muzokaralar va yaqin orada imzolanishi kutilayotgan kelishuvdan xavotirini yashirmaydi. Ular fikricha, bunday kelishuv regionda Tehron nufuzini oshirishga xizmat qiladi. Ittifoqchilar shu bois AQShdan qo'shimcha xavfsizlik kafolatlari so'ramoqda.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG