Obama Koloradoda qurol nazoratini targ'ib qildi

  • Amerika Ovozi

Prezident Obama Denverda politsiya akademiyasida so'zlamoqda, 3-aprel, 2013-yil.

Prezident Obama Denverda politsiya akademiyasida so'zlamoqda, 3-aprel, 2013-yil.

Prezident Barak Obama qurol nazoratiga doir islohotlarni targ’ib qilish maqsadida AQSh g’arbiga yo’l oldi. Oq uydagi muxbirimiz Kent Klaynning xabar berishicha, so’nggi so’rov natijalari bu masalaga xayrixohlik so’nib borayotganini ko’rsatmoqda.

Prezident Obama qurol nazoratini kuchaytirishni taklif etarkan, bu borada qonunlar qattiq shtatlardan biri Koloradoga bordi.

"Jamoat joyidagi eng dahshatli otishmalarning ikkitasi shu shtatda ro’y berdi. 14 yil oldin Kolumbinda va o’tgan yili Avrorada", - dedi Obama.

Avrorada o’tgan yil iyulidagi otishma paytida kinoteatrda 12 kishi nobud bo’lgan edi. Dekabrda esa Konnektikut shtatidagi maktabda ham bu kabi fojeali voqea ro’y berib, 26 kishi, jumladan 20 ta o’quvchi otib o’ldirildi.

Shundan so’ng mamlakat bo’ylab qurol nazoratiga doir munozaralar avj oldi. Obamaning aytishicha, Nyutaun maktabidagi qatliomdan so’ng shu kungacha Amerikada 2000 dan ziyod odam qurol qurboni bo’ldi.

"Biz bu yerda gapni ko’paytirib, chora ko’rmasdan o’tirarkanmiz, har kuni fuqarolarimiz quroldan nobud bo’lmoqda", - dedi Obama.

Biroq qurol nazoratini kuchaytirishga qaratilgan choralar Kongressda qotib qoldi. Milliy qurol uyushmasi kabi qurolga egalik huquqini himoya qiluvchi tashkilotlar qattiq qarshilik ko’rsatmoqda.

Ayrim ommaviy so’rov natijalariga ko’ra, yangi qonunlar tarafdorlarining saflari siyraklashmoqda, biroq boshqa so’rov natijalari tarafdorlar safida o’zgarish yo’qligini ko’rsatmoqda.

Prezident Obama qurol sotishdan oldin xaridorlarning jinoiy o’tmishini tekshirishni taklif qilmoqda. Biroq Milliy qurol uyushmasi vitse-prezidenti Ueyn Lapyer nazarida bu chora fuqarolarning qurol olib yurishga doir konstitutsion huquqlariga tahdid.

"Hukumat taklif etayotgan tekshiruvlar hech qachon mukammal bo’lmaydi. Ko’cha va maktablar xavfsiz bo’lib qolmaydi. Bu, shunchaki, qonunga amal qiluvchi qurol egalarini ro’yxatga olishga bir bahona", - deydi Lapyer.

Demokratlar partiyasi strategi Marji Omeroning aytishicha, aksariyat amerikaliklar qurolga egalik qilish ustidan nazorat kuchaytirilishini istaydi.

"Ijtimoiy fikr o’zgargani yo’q. Lekin siyosatchilar hali ham eskicha fikrlamoqda. Axir bir vaqtlar qurol uyushmasining Vashingtondagi lobbichilari saylov kampaniyasi natijasiga ta’sir qila olar, siyosatchilarni nomzod g’alabasi yoki mag’lubiyatini ta’minlay olishiga ishontira olar edi", - deydi Omero.

Strateg nazarida prezident Obama jamoatchilik bilan mavzu haqida qancha ko’p gaplashsa, chora tarafdorlari shuncha ko’payib, qonunni qabul qilish oson bo’ladi.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG