Obama sug'urta beruvchi saytning yaxshi ishlamaganidan xunob

  • Amerika Ovozi

Sog’liqni saqlash tizimiga oid yangi qonun bo’yicha tibbiy sug’urtalarni boshqaruvchi yangi saytda texnik nosozliklar uchraganidan prezident Barak Obama achchiqlangan. Uning aytishicha, muammolar tez orada bartaraf etiladi va qonun Amerika xalqi foydasiga xizmat qilishda davom etadi.

Dushanba kuni Oq uydan turib gapirgan Obamaga ko'ra, Healthcare.gov sayti 1-oktabrda ochilgandan beri yaxshi ishlamagan va u bundan qattiq achchiqlangan.

“Obamacare” nomi bilan taniqli yangi qonun barcha amerikaliklarni tibbiy sug’urta bilan ta’minlashni ko’zda tutadi. Shu maqsadda ochilgan sayt qonun ijrosini ta’minlashda muhim ahamiyatga ega.

Ma’lumotlarga ko’ra, ayrim foydalanuvchilar saytda ro’yxatdan o’ta olmagan. Shuningdek, sahifalarning ayrimlari sekin ochilgan yoki umuman ishlamagan.
Prezident Obamaning aytishicha, ma’muriyat Amerikaning texnologiya bo’yicha eng yaxshi ekspertlarini yollab, ularga bu muammolarni zudlik bilan bartaraf etish vazifasini yuklagan.

Obamaning aytishicha, yangi qonun faqat vebsaytdan iborat emas.

“Men respublikachilarning qarshiligiga qaramay bu qonun uchun kurashdim. Maqsadimiz millionlab sug’urtasiz amerikaliklarning boshqalar kabi sifatli va hamyon ko’taradigan tibbiy xizmatdan foydalana olishiga erishish”, - deydi u.

Senatdagi respublikachilar yetakchisi Mitch Makkonel Obama so’zlariga e’tiroz bildirib, qonunning Amerika uchun juda qimmatga tushayotganini ta'kidladi.

Respublikachilarning sog’liqqa oid qonun ijrosi uchun pul ajratishdan bosh tortishi shu oy boshida davlat byudjetining qabul qilinishini kechiktirib, federal hukumatning ikki haftadan ziyodroq qisman ishdan to’xtashiga sabab bo’lgan edi.

Hozirgacha millionlab amerikaliklar Healthcare.gov sayti orqali tibbiy sug’urta uchun anketa topshirgani aytilmoqda. Rasmiy ma’lumotga ko’ra, keyingi yilning 31-martigacha 7 million odamning hujjat topshirishi kutilmoqda. Chunki 31-mart sug’urta olish uchun qo’yilgan so’nggi sana bo’lib, bungacha hujjat topshirmaganlar, ya’ni sug’urtasiz fuqarolar jarimaga tortiladi.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG