Prezident Obama Xirosimani ziyorat qiladi

  • Amerika Ovozi

AQSh rahbari Barak Obama shu oy Yaponiyada Katta Yettilik sammitiga safari paytida Xirosima shahrini ham ziyorat qiladi. Ikkinchi jahon urushi yakuni, 1945-yilning 6-avgustida Qo'shma Shtatlar shaharga atom bombasini uloqtirgan edi. Xirosima falokatidan omon qolganlar Obama kechirim so'ramasa-da, balki ular tortgan jabr, azob-uqubatni e'tirof etadi, degan umidda. Ommaviy qirg'in qurolidan xoli dunyoni ustuvor yo'nalishlardan deb biluvchi Obama Amerikaning bu shaharga borgan ilk rahbari bo'ladi.

O'sha mash'um kun atom bombasi ilk bor ishga solinib, fojea taxminan 140 ming odamni, jumladan, qattiq nurlanish olgan insonlarni hayotdan olib ketdi.

Bugun shahar markazida marhumlar va omon qolganlar sharafiga qurilgan Tinchlik yodgorligini ko'rasiz.

Portlashni ko'rgan 79 yoshli Keyko Ogura Amerika rahbari atom bombasining ayanchli asoratlarini ko'rib, tan oladi deya umidvor.

"O'limimdan oldin prezidentni ko'rmoqchiman. Kechirim so'rashini talab qilmayman. Shunchaki, inson sifatida ko'zimga boqsin. Hammamiz bir makon, bir sayyorada yashaymiz, boradigan joyimiz bir", - deydi Ogura.

Tinchlik yodgorligida atom bombasi portlashining asoratlari tasvirlangan suratlarni ko'rish mumkin.

Portlash paytida Ogura sakkiz yoshda edi. Voqea markazidan ikki yarim kilometr uzoqda bo'lsa-da, yer titraganidan chalqancha yiqilib tushgani esida.

"Hushim o'zimga kelganida hamma joy qorong'i, hech yerdan sado chiqmas edi", - deydi u.

Urushda qo'li baland kelgan davlatlar izohi shu ediki, atom bombasi amerikalik ko'plab askarlarning hayotini saqlab qoldi va urushga tez yakun yasadi.

Lekin hujum minglab begunoh odamlarning boshini yedi, oradan yillar o'tib nurlanish asoratidan yana minglab odam hayotdan ko'z yumdi.

Omon qolganlar esa Prezident Obamaning Xirosimaga safari AQShning atom bombasini qo'llagani ustida janjalni yangilasin, demaydi. Aksincha, tashrif xalqaro hamjamiyatni kelgusida atom qurollaridan butunlay qutulish yo'lida birlashtiradi, deya umidvor ular.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG