Obama: Dunyo tinchligi uchun barchamiz mas'ulmiz

  • Amerika Ovozi

AQSh rahbari Barak Obama Xirosimadagi Tinchlik memorial parkiga gulchambar qo'ydi, 27-may, 2016-yil.

AQSh rahbari Barak Obama Xirosimadagi Tinchlik memorial parkiga gulchambar qo'ydi, 27-may, 2016-yil.

Prezident Barak Obama juma, 27-may kuni Yaponiyaning Xirosima shahrini ziyorat qildi. Obama bu shaharni borib ko'rgan ilk Amerika rahbaridir. Ikkinchi jahon urushi davri, 1945-yilning 6-avgustida Qo'shma Shtatlar Xirosimaga, oradan uch kun o'tib esa Nagasakiga atom bombasi tashlagan edi. Shu bilan urush nihoyasiga yetgan.

"Bundan 71 yil oldin, erta tongda musaffo osmondan yerga o'lim toshi otildi. Bu voqea dunyoni o'zgartirib yubordi. Kuchli portlash va olov shaharni barbod qildi. Odamzod o'zini qirib yuborishga qodir ekanini isbotladi. Xirosima shahriga nima uchun keldik bugun? Yaqin o'tmishda ro'y bergan o'sha mash'um voqeani xotirlash uchun keldik", - dedi AQSh rahbari.

Obama portlash oqibatida jon bergan boshqa elatlar, jumladan, koreyslar va hibsdagi amerikaliklarni ham esladi.

Obama Amerikaning Xirosimani bombardimon qilish qarori uchun kechirim so'ramadi. Biroq o'tmishda g'anim bo'lgan ikki davlat bugun qalin ittifoqchi va do'stga aylanganiga diqqat qaratdi.

"Biz insonning barcha qabihlik va razilligini tugata olmasmiz balki. Ammo ittifoqlarga birlashib, bir-birimizni mudofaa qila olishimiz mumkin. Amerika kabi yadro quroliga ega davlatlar bu qo'rqinchli vositalardan xoli dunyo yaratishga harakat qilishi muhim", - dedi Obama.

Xirosimaga bomba tashlanganidan uch kun o'tib, AQSh Nagasakiga ham atom bombasi tashlagan, oqibatda yana o'n minglab odam nobud bo'lgan.

1945-yilning 15-avgustida Yaponiya imperatori Xiroto mamlakatning mag'lubiyatini tan olgan.

Xirosimadagi Tinchlik memorial parki haqida ma'lumot

Tinchlik memorial parki: Shaharning eng taniqli manzillaridan biri bo'lgan park 12 gektardan ortiq maydonni o’z ichiga oladi. Bomba kelib tushishidan oldin bu joy shaharning siyosiy va tijorat markazi bo’lgan. Uning nishonga olinishi sabablaridan biri shu hisoblanadi.

Atom bombasi gumbazi: Portlashdan so’ng omon qolgan binolardan biri sifatida Viloyat Sanoatni qo’llab-quvvatlash zalining xaroba gumbazi parkda saqlab qolingan. Bu bino YUNESKO Dunyo merosi ro’yxatiga ham kiritilgan.

1949-yil 6-avgust: Shahar kengashi hududni qayta qurishdan voz kechib, uni ramziy tinchlik maydoni sifatida qoldirishga qaror qiladi. Insoniyatga ma’lum eng buzg’unchi kuchni eslatish va dunyo tinchligi umidi sifatida bu yerga park quriladi. Uning dizayni Tokio universiteti professori Kenzo Tange va yana uch mutaxassis tomonidan amalga oshiriladi.

Xirosima va Nagasakidagi portlashlar

Atom bombalari: Bombalarning birinchisi 1945-yil 6-avgust kuni Xirosima shahriga tashlangan. Ulkan portlash deyarli butun shaharni vayron qilgan. Oradan uch kun o’tib 9-avgust kuni ikkinchi atom bombasi Nagasaki shahriga tashlangan.

O’lganlar soni: Xirosimada 140 ming, Nagasakida esa 70 ming odam o’lgan. Halok bo’lganlarning yarmi portlash yuz bergan birinchi kuniyoq olamdan o’tgan. Kelasi hafta va oylarda nurlanish, kuyish va boshqa jarohatlardan yana minglab odam hayotdan ko’z yumgan.

Nega Xirosima va Nagasaki tanlangan?

Bomba tashlash uchun tanlangan manzil bir necha shartlarga javob berishi kerak bo’lgan:

· Harbiy va strategik jihatdan yuqori ahamiyatga ega bo’lishi: Xirosimada urush payti janubiy Yaponiya mudofaasi uchun mas’ul 2-Armiya qo’mondonligi joylashgan edi. Nagasaki esa janubiy Yaponiyadagi eng katta dengiz portlaridan biri bo’lib, shuningdek, bu yerda, kema va harbiy qurollar ishlab chiqarilgan.

· Atom bombasining ta’sirini aniqlash uchun hudud ilgari boshqa bombalardan zararlanmagan bo’lishi.

· Bir milya radius maydonda binolar va boshqa obyektlar zich joylashgan bo’lishi: chunki atom bombasining kuchi shuncha maydonga yetishi chamalangan. Xirosimada o’sha payt 250 ming odam yashagan, Nagasaki esa binolarga zich shahar bo’lgan.

Xirosima va Nagasakida hanuz nurlanish mavjudmi?

Qisqa javob shuki, yo’q. 30 kilometr maydonni yashash uchun yaroqsiz holatga keltirgan Chernobil fojeasidan farqli o’laroq, Xirosima va Nagasakida portlagan bombalar havoda bir necha yuz metrga yoyilgan, xolos. Bombalardagi yadro materialining faqat 10 foizi kengroq hududga tarqagan, 90 foizi portlash yuz bergan joyga to’kilgan.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG