Obama: Amerikada tub aholidan tashqari hammamiz kelgindimiz

  • Amerika Ovozi

Prezident Obama Shimoliy Dakota shtatidagi hindu qabilalari davrasida, iyun, 2014

Prezident Obama Shimoliy Dakota shtatidagi hindu qabilalari davrasida, iyun, 2014

Ona shahri Chikagoda omma oldida so'zlar ekan, prezident Barak Obama yurtdoshlarini bag'rikeng va tolerant bo'lishga, har qanday diskriminatsiya va kamsitish hollariga qarshi turib, o'z haq-huquqlarini tinch yo'l bilan talab qilishga, erkin jamiyatga xos qadriyatlarni asrab-avaylashga undadi.

Irq va immigratsiya - Qo'shma Shtatlarda azaldan dolzarb masalalar. Odamlarni rangi va kelib chiqishiga qarab ajratish qonunan man etilgan, biroq ijtimoiy munosabatlarda buni ta'minlash hamisha qiyin. Obama fikricha, jamiyat o'z muammolarini qanchalik ochiq va bosiqlik bilan muhokama qilsa, yechim topish va barham berish ham shunchalik osonlashadi.

Missuri shtatining Ferguson shahrida shu yilning avgust oyida qora tanli yigit oq tanli politsiyachi tomonidan o'tib o'ldirilgani irqchilikka qarshi namoyishlarni avj oldirib, tinimsiz to'polonlarga sabab bo'ldi. Fergusonda mulklarga o't qo'yildi, imoratlar vayron qilindi. Qora tanlilar ham, oq tanlilar ham g'azabda. Prezident nazarida nafrat va zo'ravonlik Amerikaga faqat zarar keltiradi.

"Men o'z haqqini, tengligini va sha'nini tinch yo'l bilan himoya qilishga bel bog'lagan fuqarolar tomonidaman. Prezidentingiz siz bilan", - dedi Obama, Chikagodan turib so'zlar ekan.

"Politsiyachini sudga tortmaslik qarori jamoatchilikning qarshiligiga uchraganini tushunaman, lekin nima uchun o'z shahringizni vayron qilayapsiz? Nega tartibni buzayapsiz? Buning uchun qonun oldida javob berasiz", - dedi prezident.

Obama yaqinda immigratsiya bobida yangi farmon chiqarib, hujjatsiz yashayotgan millionlab muhojirlarga madad ko'rsatishni buyurdi.

Prezident siyosatiga qarshi tomonlar, xususan respublikachilar uni Amerikani kelgindilar mamlakatiga aylantirayotganlikda, noqonuniy immigrantlarni bag'riga olib, jamiyat va tartibga raxna solayotganlikda ayblaydi.

Obama esa "biz hammamiz har yerdan kelganmiz, aralashib ketganmiz va bu bizning boyligimiz", deydi.

Dunyoning eng qudratli davlatini turli irq, elat, din va toifa vakillari barpo etgan, deya eslatadi prezident.

"Aslida hammamiz kelgindimiz. Hindu qabilalargina bu yer bizniki deb, immigrantlarga qarshi gapirishga haqli", - dedi Obama Chikagodan turib.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG