Obama noqonuniy muhojirlarga imkon berish kerak deydi

  • Amerika Ovozi

AQSh rahbari texnologiya sohasida gigant kompaniyalar – Google, Intel, eBay va Yahoo kabilarga muhojirlar asos solganini eslatmoqda. Ularning sharofati bilan 200 ming odam ishli-joyli.

AQSh rahbari texnologiya sohasida gigant kompaniyalar – Google, Intel, eBay va Yahoo kabilarga muhojirlar asos solganini eslatmoqda. Ularning sharofati bilan 200 ming odam ishli-joyli.

Prezident Barak Obama kecha Meksika bilan chegara, qoradori savdosi va og’ir jinoyatlar bilan tanilgan hududga tashrif buyurib, immigratsion islohot haqida so’zladi.

“Chegaramiz mustahkam, ko’nglimiz tinch”, - dedi AQSh rahbari. Lekin muxolif respublikachilar bu gaplarga ishonmaydi.

Barak Obama Texas shtatining El Paso shahriga borib, eng murakkab mavzulardan biri haqida og’iz ochdi.

“Bu davlatga kimni qo’yish-qo’ymaslik haqida azaldan talashib-tortishib kelamiz”, - deydi prezident.

AQShda taxminan 11 million noqonuniy muhojir yashaydi.

Obama bu insonlarni shu yurtda qoldirish, fuqarolik berish borasida raqib respublikachilar bilan olishib keladi.

Respublikachilar Partiyasi so’nggi izlanish natijalarini vaj qilib, Meksika bilan chegara teshil-yoriq-ku, odamlar bemalol o’tib yuribdi, deydi. Immigratsiya tizimini isloh qilishdan oldin, chegarani mahkam qilish kerak, deydi bu qonunchilar.

Prezident Barak Obamaning aytishicha, 2004 yildan beri chegarachilar soni ikki karra oshgan. Qurol va afyun savdogarlari oyog’ini tortdi, deydi u.

Lekin respublikachi qonunchilar “yo’q” deb turib olgan.

“Balki handaq qazish kerakdir Amerika-Meksika chegarasida?” - deya so’raydi Obama. “O’sha handaqqa suv solib, alligatorlar saqlarmiz? Respublikachilarning talabi tugamaydi”, - deydi prezident.

Immigratsiya bo’yicha ekspertlar ham norozi. Ularning aytishicha, noqonuniy muhojirlar to’p-to’p qilib, deportatsiya qilinmoqda. O’tgan yilning o’zida 400 ming odam haydalgan. Prezident bor qudratini ishga solib, non topib yurgan bu odamlarni himoyasiga olsin, deydi ular.

“Kongress ruxsati kerak-da”, - deydi Obama. “Qani endi hammasi qo’limda bo’lsayu, qonunni ma’qullasam. Lekin demokratik jamiyatda atrofdagilar bilan hisoblashish kerak. Puxta qonun ishlab chiqilishi kerak”.



Prezident taklif qilgan islohot rejasi to’rt bo’limdan iborat:

Chegarani mahkamlash.

Noqonuniy muhojirlar yollovchi firmalarni qattiqroq jazolash.

Muhojir qonunni buzganini tan olib, soliq, jarima to’lashi va ingliz tilini o’rganishi shart.

Va bu noqonuniy immigrantlarni grin karta, fuqarolik bilan ta’minlash.

Obama Kongressdan noqonuniy muhojir farzandlariga fuqarolik berish haqidagi qonun loyihasini qayta ko’rib chiqishni so’ramoqda.

Qonun loyihasi o’tgan yili Vakillar Palatasi tasdig’idan o’tib, Senatda rad etilgan edi.

“Yoshlarni ota-onasining jinoyati uchun jazolashni bas qilishimiz kerak”, - deydi Barak Obama. “Bu qiz-yigitlar AQShda ta’lim olish, qurolli kuchlarda xizmat qilishga haqli. Bu qonun yashashi kerak”, - deydi prezident.

Obama 2012 yilda qayta saylanish niyatida. Muhojirdan fuqaroga va shu tariqa saylovchiga aylangan odamlarning ovozi muhim rol o’ynashi aniq.

2008 yilda lotin amerikalik aholining 67 foizi Obamani tanlagan.

Lekin immigrantlar hayotida biror o’zgarish yo’q ekan, bu qatlam orasida Obamaga ishonch yo’qolib bormoqda.

2008 yilgi saylovda Obama Texasni boy bergan edi. Shundan beri shtatda latinolar soni oshgan, demokrat rahbar ulardan umidvor.

AQSh rahbari texnologiya sohasida gigant kompaniyalar – Google, Intel, eBay va Yahoo kabilarga muhojirlar asos solganini eslatmoqda. Ularning sharofati bilan 200 ming odam ishli-joyli.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG