Obama: Yosh, fidoyi muhojirlar deportatsiya qilinmaydi

  • Amerika Ovozi

Barak Obama, Oq Uy, 15-iyun, 2012

Barak Obama, Oq Uy, 15-iyun, 2012

Prezident Barak Obama mamlakatda noqonuniy ravishda yashayotgan yosh muhojirlarga yordam qo’lini cho’zmoqda. Oq Uy e’lon qilgan qarorga binoan 800 mingga yaqin immigrant vataniga deportatsiya qilinmaydi. Ular uchun mamlakatda o’qish va ishlash imkoniyati yaratib beriladi.

Bugun Amerikada qariyb 12 million noqonuniy muhojir bor. Ularning aksariyati lotin amerikaliklar. Qisqacha latino deb tanilgan bu jamoa bugun AQShdagi eng yirik ozchilik. Qonuniy yashab, fuqarolikka kirgan va ovoz berish huquqiga ega latinolar umum aholining 17 foizini tashkil etadi. Oq tanlilardan keyingi ikkinchi katta guruh.

6-noyabrda o’tadigan prezident saylovlari arafasida Obama latinolar dardiga quloq solayotgani bejiz emas. 2008-yilda ular asosan amaldagi rahbarga ovoz bergan.

Obama fikricha Amerikaga go’dakligida kelgan yoki bu mamlakatda yurgan noqonuniy muhojirlardan tug’ilgan bolalar hech qayoqqa ketmasligi kerak.

“Armiyamizda xizmat qilayotgan bir yigit bilan gaplashdim. U bizni va erkinligimizni himoya qilmoqda. Lekin u noqonuniy muhojir. Bunga qanday chidash mumkin. Undan qanday yuz o’girasiz axir”,- deya tushuntiradi prezident.

Amerikada qariyb 12 million noqonuniy muhojir bor, aksariyati lotin amerikaliklar

Amerikada qariyb 12 million noqonuniy muhojir bor, aksariyati lotin amerikaliklar

Obama hech kimga fuqarolik va’da qilmayapti, ammo yosh muhojirlarga ishlash va o’qish huquqini bermoqchi.

“Kelasi oylar ichida masala tubdan ko’rib chiqilib, vatanimizga zarar keltirmayotgan shaxslarga maxsus hujjatlar olish uchun imkoniyat yaratamiz”,- deydi Obama.

Agar siz 30 yoshga kirmagan bo’lsangiz va Amerikaga 16 yoshga qadar kelgan bo’lsangiz, bu yerda kamida besh yil muqim yashagan bo’lsangiz, jinoyatga qo’l urmagan bo’lsangiz, AQShda yuqori sinflarni yoki kasb-hunar o’rgatadigan dargohlarni bitirgan bo’lsangiz yoki armiyada xizmat qilayotgan va qilgan bo’lsangiz, yangi tartib bo’yicha siz AQShda yashash huquqiga ega bo’lasiz.

Ishlash uchun ruxsatnoma ikki yil uchun beriladi va yangilanishi mumkin.

Ommaviy so’rov natijalari shundan dalolat bermoqdaki, Obama latinolar orasida katta nufuzga ega. Respublikachi raqibi, prezidentlikka ko’z tikkan Mitt Romnini latinolarning atigi 27 foizi quvvatlaydi, Obamani esa 61 foizi.

2011-yilda Amerikadan 400 ming odam deportatsiya qilingan, asosan latinolar.

Kongress Obamaning immigratsiya bo'yicha takliflarini ma'qullamagan

Kongress Obamaning immigratsiya bo'yicha takliflarini ma'qullamagan

Prezident Obama 2010-yilda Kongressga murojaat qilib, “Orzu” (DREAM Act) degan qonun loyihasini tasdiqlashni so’ragan edi. Respublikachilar hukmron Vakillar Palatasida bu hujjat chetga surilgan.

Shu bois prezident o’z vakolatlaridan foydalanib, yuqorida tilga olingan farmon bilan chiqdi.

Respublikachilar, jumladan Mitt Romni nazarida prezident saylov oldidan vaqtincha yaxshilik qilib, latinolar ovozini olishga urinmoqda.

Noqonuniy muhojirlar taqdirini hal etish uchun kuchli va konkret reja tuzish kerak, deydi u. Oq Uyning javobi shuki, reja bor, lekin Kongress uni ma’qullamayapti.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG