AQSh prezidenti Hindistonga safarini yakunlab, Indoneziyaga otlanadi


O'quvchi Barak Obama, Jakartadagi Menteng maktabi (sana berilmagan)

O'quvchi Barak Obama, Jakartadagi Menteng maktabi (sana berilmagan)

Prezident Barak Obama Osiyo bo’ylab safari davomida Indoneziyaga tashrif buyurishi kutilmoqda.

Amerikaliklar Kongressga saylovlar orqali prezident siyosatidan noroziligini bildirayotgan bir paytda, Obama Indoneziyada iliq kutib olinishi turgan gap. Uning bolalik yillari qisman shu yerda o’tgan, 10 yoshigacha Jakartada maktabga qatnagan.

Obama yetakchiligidagi Demokratik partiya, ma’lumki, so’nggi saylovda mag’lubiyatga uchradi. Muxolifat bilan ichki va tashqi siyosatda tortishuvlar kuchayishi kutilar ekan, prezident ittifoqdosh mamlakatlarga borib, AQSh xalqaro maydonda liderlikni qo’ldan chiqarmaganini namoyish etmoqchi.

Indoneziyada Obamaning obro’si baland. Tinchlik Korpusi ko’ngillisi sifatida poytaxt Jakartadan 800 kilometr uzoqlikdagi chekka bir qishloqda ingliz tilini o’qitish uchun bu mamlakatga borgan Travis Blumlingning aytishicha, Indoneziyada Obamani tanimaydigan odam yo’q.

“Kim bilan suhbatlashmang, hamma Obamani biladi. Uning Jakartada o’qiganini eslatib turishadi”, - deydi u.

Obamaning Indoneziyaga safari turli sabablar bilan avval ikki bor qoldirilgan.

Paramadina Universiteti domlasi Aniyes Basvedanning qayd etishicha, Obamani yolg’iz bu yerda o’qigani uchun emas, balki prezidentlikka saylanganidan so’ng islom dunyosi bilan munosabatlarni mustahkamlash tashabbuslari uchun ham xush ko’rishadi.

“Indoneziyaliklar uning Iroq siyosati, Nyu-Yorkda masjid qurilishi bilan bog’liq munozaralarga nisbatan pozitsiyasi, ularga haqiqiy davlat arbobi sifatida ijobiy ruhda yondashganini olqishlaydi”, - deydi u.

Oq uy rasmiylari ta’rificha, musulmon aholisi bo’yicha dunyodagi eng yirik davlat, demokratik tuzumga ega Indoneziya AQSh uchun muhim strategik hamkor.

Mamlakat rahbariyati fikricha, Obama muloqotga astoydil kirishib, ular bilan teng hamkor sifatida muomala qilishi bilan AQShning oldingi rahbarlaridan ajralib turadi.

Indoneziya prezidenti Susilo Bambang Yudxoyonoga maxsus yordamchi Teuku Fayzasyaning aytishicha, Obamaning safari mamlakatda demokratik jarayonlar va iqtisodiy taraqqiyotga kuch bag’ishlaydi.

“Amerika bilan teng muomala qilamiz, demokratik davlat sifatida bir-birimizga hurmatda bo’lamiz. Bu esa munosabatlarimiz ulg’ayganidan dalolat”, - deydi u.

AQSh-Indoneziya aloqalari mustabid-diktator Suxarto davrida ancha sovuq edi. 1998-yilda xalq namoyishlari natijasida rejim ag’darilib, demokratik tuzum shakllangan.

Ko’p millatli davlatda separatis harakatlar va inson huquqlari bilan bog’liq muammolar hal etilgan. Ayniqsa 2002-yilda Indoneziyada ro’y bergan terror xurujidan song ikki mamlakat o’rtasida aksil-terror hamkorlik mustahkamlandi.

Indoneziyada demokratiya bobidagi yutuqlarni tan olar ekan, AQSh hukumati bu mamlakatning terrorga qarshi kurashuvchi kuchlari tayyorgarligi bilan yana shug’ullanishini ma’lum qilgan.

Ammo inson huquqlari tashkilotlari bu kuchlarni Acheh, Papua va Sharqiy Timorda inson huquqlarini oyoq osti qilganlikda ayblaydi. AQSh rasmiylariga ko’ra, Indoneziya bilan bunday hamkorlik samarasida o’lkada demokratik muassasalar mustahkamlanadi.

AQSh va Indoneziya rahbarlari uchrashuvida Xitoy dengizining janubiy qismida xavfsizlik va Indoneziyaga sarmoya kiritishga doir masalalar muhokamasi ham kutilmoqda.

XS
SM
MD
LG