Obama fuqarolar uchun internet xavfsizligini kuchaytirmoqchi

  • Amerika Ovozi

AQSh Prezidenti Barak Obama xalqqa yillik murojaati oldidan iqtisodiyotni yanada rivojlantirish hamda ko'proq amerikaliklar uchun yashash sharoitini yaxshilashga urg'u bermoqda. Bu hafta u iste'molchilar va biznes ahli uchun raqamli texnologiyaning ahamiyati hamda kibersohada ma'lumotlarni asrab-avaylash zaruratiga ham e'tibor qaratdi.

Ayova shtatida so'zlagan Prezident Obama AQSh iqtisodiyotining tez o'sayotganini, ko'proq amerikaliklar buning ta'sirini o'z hayotlarida ko'rishini istashini aytdi.

"XXI asrda, texnologiya va kashfiyotlar zamonida biz erishmoqchi bo'layotgan farovonligimiz, yaratmoqchi bo'lgan ishlarimiz raqamli iqtisodiyotga bog'liq. Bog'lanish va savdo qilish, biznes yuritish, kashf etish va o'rganish ham hozir onlayn kiberfazoda olib borilmoqda", - dedi Obama.

Prezident so'zlariga ko'ra, muvaffaqiyat qozonish uchun amerikaliklar tezroq va arzonroq internetga ulanish imkoniyatiga ega bo'lishi kerak.

"Shu yo'l bilan ko'chadagi kichik biznes egasiga Silikon vodiysidagi yoki dunyodagi boshqalar bilan raqobat qila olish imkonini beramiz. O'z orzulariga erishishi va ish imkoniyatlarini qidirishi uchun talaba onlayn kurslarni o'qishiga yordam beramiz", - deydi AQSh rahbari.

Prezident iste'molchilarga tegishli shaxsiy ma'lumotlar himoyasini yanada kuchaytirishga oid rejalarini ham taqdim etdi. Qabul qilinishi kutilayotgan yangi tartibga ko'ra, kompaniyalar axboroti o'g'irlangan mijozni uzog'i bilan 30 kun ichida xabardor qilishi lozim. Shuningdek, mijozlar ma'lumotini xorijga sotgan tashkilotlar jinoiy javobgarlikka tortiladi.

"Bu jamoat xavfsizligi va jamoat sog'lig'i bilan bog'liq masala. Bunday infratuzilmaning aksariyati xususiy sektor ixtiyorida va ular tomonidan yuritiladi. Shunday ekan, hukumat yoki xususiy sektorning bir o'zi mamlakatni himoya qila olmaydi. Birgalikda qilinadigan ish bo'lishi kerak. Hukumat va sanoat qo'lni qo'lga berib ishlashi kerak", - dedi Obama.

Davlat fuqarolarga tegishli ma'lumotlarni kuzatib borishi fosh bo'lgach, huquq himoyachilari kompaniyalar va hukumatlar o'rtasidagi axborot almashishni keskin tanqid qila boshladi. Ayrim tahlilchilarning aytishicha, ko'plab kompaniyalar o'z mijozlarining shaxsiy ma'lumotlarini ularning roziligisiz tarqatadi.

"Internetda sog'liqqa oid yoki moliyaviy ma'lumotlarni himoya qilish bo'yicha jiddiy qonunlar yo'q. Bu ma'lumotlar, ko'pincha, reklamachilarga, sug'urta kompaniyalariga cheklanmagan miqdorda beriladi. Qanday ma'lumotlar borligini siz va biz hatto bilmaymiz. Bu kompaniyalar va ma'lumot tarqatuvchilar biz haqimizda yana qanday ma'lumotlarga ega ekanidan xabarimiz yo'q", - deydi Shimoliy Karolina universiteti tadqiqotchisi Klaus Larres.

Larresga ko'ra, Obama rejasi ayrim qonunchilar qarshiligiga uchrashi tabiiy.

"Yangi Kongressda respublikachilar ko'p ekanini hisobga olsak, qonunning qabul qilinmasligi ehtimoli yuqori", - deydi u.

Shu masalada bir guruh qonunchilar bilan uchrashgan Obama tomonlar murosaga erishishiga umid bildirdi. Chunki AQSh iqtisodiyotini kiber xurujlardan himoya qilish har birimiz uchun muhim, dedi prezident.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG