Obama Xitoy va Rossiyani Eronga bosimni kuchaytirishga undamoqda

  • Amerika Ovozi

Prezidentlar Obama va Medvedev, Gonolulu, 12-noyabr, 2011-yil

Prezidentlar Obama va Medvedev, Gonolulu, 12-noyabr, 2011-yil

Kecha Gavayi shtatining Gonolulu shahrida Rossiya va Xitoy rahbarlari bilan uchrashgan AQSh prezidenti Barak Obama Dmitriy Medvedev va Xu Sintaoni Eronga nisbatan bosimni kuchaytirishga chaqirdi.

Qo'shma Shtatlar Eronni yadro quroli ustida ishlayotganlikda, yadro dasturi bobida xalqaro majburiyatlarini bajarmayotganlikda ayblamoqda. BMTning Atom energiyasi bo'yicha xalqaro boshqarmasi so'nggi hisobotida Eron atom quroli ustida ishlagani haqida dalil bor, deb xulosa qiladi. G'arb davlatlari rasmiy Tehronni qo'shimcha sanksiyalar bilan jazolamoqchi. Shu paytga qadar BMT Xavfsizlik Kengashi to'rt bor sanksiya qo'llagan.

Rossiya va Xitoy bunday jazo choralarini inkor etib, muloqot qilish tarafdori.

Amerikada saylov kampaniyasi avjida ekan, Obamaga muxolif respublikachi da'vogarlar Eronga nisbatan pozitsiyasini bildirgan. Massachusets sobiq gubernatori Mitt Romni hech bir chora ish bermasa, Eronga qarshi urush qilishga tayyor.

"Prezident bo'lsam, Eronda atom quroli bo'lmaydi, ammo Obama ikkinchi muddatga saylansa, islomiy respublika yadroviy davlatga aylanadi", - deydi Romni.

Kongressmen ayol Mishel Bakman Eronni Suriya hamda XAMAS kabi jangari tashkilotlar bilan Isroilga qarshi yadro urushiga tayyorlanayotganlikda ayblamoqda.

Qora tanli tadbirkor, respublikachilardan yagona nomzodlikka da'vogar German Keyn nazarida Eronga qarshi iqtisodiy sanksiyalarni kuchaytirib, rasmiy Tehronga muxolif guruhlarni qo'llab-quvvatlash kerak.

Kongressmen Ron Pol ham bu davlatga qarshi urush fikridan yiroq.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG