AQSh Isroilga: Hujumga shoshmang, Eron boshini sanksiya yeydi

  • Amerika Ovozi

AQSh Isroilga: Hujumga shoshmang, Eron boshini sanksiya yeydi

AQSh Isroilga: Hujumga shoshmang, Eron boshini sanksiya yeydi

AQSh rahbari Barak Obamaning davlat xavfsizligi bo’yicha maslahatchisi Tom Donilon Isroilga safar qilib, Eron yadro dasturi xususida gaplashgan.

Ekspertlar fikricha, islomiy respublika yadro quroli yaratishga yaqin turibdi. Bu da’voni tekshirish uchun borgan BMT inspektorlari harbiy inshootlarga yo’latilmagan.

Xalqaro Atom boshqarmasi vakillari “agar Tehron hech narsani yashirmayotgan bo’lsa, nega bizni harbiy obyektlarga kiritmadi”, deya hayron.

Isroil havo kuchlari Eronning yadro zavodlariga hujum qilishi mumkin, degan mish-mishlar tarqalmoqda.

Obamaning maslahatchisi Tom Donilon Quddusda Bosh vazir Benyamin Netanyaxu, Mudofaa vaziri Yaxud Barak va Qurolli kuchlar qo’mondoni Benni Gants bilan shu haqda gaplashgan. Tafsilotlar ma’lum qilinmayapti.

Oq uyning bildirishicha, uchrashuvlarda har ikki tomon xavotiriga sabab bo’layotgan masalalar muhokama etilgan.

Prezident Barak Obama va xavfsizlik bo'yicha maslahatchisi Tom Donilon

Prezident Barak Obama va xavfsizlik bo'yicha maslahatchisi Tom Donilon

Ayrim manbalarga qaraganda, Tom Donilon Isroilni harbiy chora bilan shoshmaslikka da’vat etgan, chunki diplomatiya hamda sanksiyalar ish berishi uchun vaqt kerak.

AQSh va Isroil bir maqsadni ko’zlaydi – Eron atom qurolini qo’lga kiritishiga yo’l qo’ymaslik, deydi Oq uy so’zlovchisi Jey Karni.

Xalqaro sanksiyalar bu davlatni yakkalab qo’ydi, iqtisodiyotiga katta zarba berdi, deya qo’shadi rasmiy.

“Diplomatik harakatlar ish berishi va Tehron xalqaro hamjamiyat bilan samimiy muloqot boshlashi uchun hali ham imkoniyat va vaqt bor. Bu mojaro tinch yo’l bilan hal etilishidan hammamiz manfaatdormiz”, - deydi Jey Karni.

Isroil matbuotining yoritishicha, Obamaning maslahatchisi yahudiy davlat rahbarlariga aynan shu ma’noda noma yetkazgan.

“Hujumga shoshmang, sabr qiling”, deyiladi unda.

Eron prezidenti Mahmud Ahmadinajod yadroviy texnologiya atom energiyasi ishlab chiqarish uchun zarur deb keladi

Eron prezidenti Mahmud Ahmadinajod yadroviy texnologiya atom energiyasi ishlab chiqarish uchun zarur deb keladi

“Jerusalem Post” gazetasi Mudofaa vaziri Yaxud Barakning quyidagi so’zlarini keltiradi: “AQSh va Isroil suveren davlatlar. Yaqindan maslahatlashamiz, lekin yakuniy qarorni o’zimiz qabul qilamiz”.

Britaniya Tashqi ishlar vaziri Vilyam Xeyg ham Isroilni sabr qilishga, diplomatiya samara berishini kutishga undagan.

AQSh Qurolli kuchlari bosh shtabi qo’mondoni Martin Dempsi fikricha, Eronga hujum butun mintaqani ostin-ustun qilib yuboradi, hozir harbiy chora ko’rish fursati emas.

Eron ham, o’z navbatida, “dushman bizga hamla qilishini bilib qolsak, qarab turmaymiz”, deya ogohlantirmoqda.

Isroil Bosh vaziri Benyamin Netanyaxu kelasi oy Vashingtonga safar qiladi. Barak Obama bilan muloqotda Eron yadro dasturi bosh masala bo’ladi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG