Obama va Ruhoniy atom kelishuvini xalqiga tushuntirish bilan band

  • Amerika Ovozi

Nyu-Yorkda kechgan namoyishlardan birida olingan surat

Nyu-Yorkda kechgan namoyishlardan birida olingan surat

Prezident Barak Obama xalqqa haftalik murojaatida Eron bilan kelishuvni tushuntirib, bu uzoq va jadal diplomatiya mahsuli, deydi.

Eron atom quroli yaratish uchun zarur materiallarni yig'maslikka ko'ndi va xalqaro inspektorlar endi bu mamlakat yadro inshootlarga kirib vaziyat bilan tanishib, tekshira oladi, deydi Obama.

"Tehron aldasa, bilamiz. Bu kelishuv ishonchga emas, faktlarga asoslanadi. Ishni so'zda emas, amalda ko'rishni xohlaymiz", - deydi u.

Eron prezidenti Hasan Ruhoniy esa o'z xalqiga bu murosani tushuntirar ekan, bir narsaga urg'u berdi: dunyo islomiy respublikaning o'z atom sanoatiga ega bo'lish huquqini tan olmoqda.

Ruhoniy deydiki, Eron uranni boyitishni davom ettiradi va buning jahon ahlidan yashiradigan joyi yo'q. Maqsad - tinchlik, deydi u, Eron iqtisodiyotini rivojlantirish. Atom energiyasi sohasini takomillashtirish.

Eron atom dasturi biror davlatga qarshi harakat emas, deydi Ruhoniy. Xalqaro hamjamiyat bilan qilingan kelishuvga amal qilinadi va narigi tomondan ham shu kutiladi, deydi u.

Eron yadroviy faoliyatini cheklayotgani uchun unga iqtisodiy yordam ko'rsatiladi. Vashingtonda bu kelishuvga qarshilik kuchli. Kongressda hukmron respublikachilar islomiy respublikaga nisbatan yangi sanksiyalar haqida gapirmoqda.

Oq uy nazarida bu o'ta xavfli, noto'g'ri qadam bo'lib, Amerikaga nisbatan ishonchni pasaytiradi va xalqaro maydondagi eng chigal muammolardan birini yanada murakkablashtiradi. AQSh yangi sanksiyalar bilan hech narsaga erishmaydi, deydi Obama.

Eronni dushman deb biladigan Isroil va Saudiya Arabistoni ham Oq uydan rozi emas. Ular nazarida Obama Eronga ishonib, aldanmoqda. Bu davlat atom quroli yaratishga bel bog'lagan va uni hech qanday kelishuv to'xtata olmaydi, deydi Isroil rahbari Benyamin Netanyaxu.

Saudiya Arabistoni qiroli Salmon bilan telefonda gaplashgan Obama uni bu murosa Yaqin Sharq tinchligi uchun muhimligini, diplomatiya ish berayotganini va Tehron bilan muloqot davom etishi hammaga birdek foydali ekanini tan olishga chaqirgan.

Eronda bu voqea tantana qilinib, muzokaralarga boshchilik qilgan Tashqi ishlar vaziri Muhammad Javod Zarif qahramon sifatida ta'riflanmoqda.

Yuzlab fuqarolar ko'chalarda raqsga tushib, davlati tashqi dunyoga ozgina bo'lsa ham ochilayotganidan xursand.

Tehron uranni boyitadigan sentrifugalarining uchdan ikki qismidan voz kechadi. 19 ming sentrifugadan 6104 tasi qoladi. Ulardan 5060 tasida kelasi 10 yil uran boyitilishi mumkin.

Kelishuvga asosan hozircha boyitilgan uran zaxirasi yo'q qilinadi. Fardo yerosti atom inshootida uran boyitilish ishlari butkul to'xtatiladi. Arak reaktorida ham plutoniy qayta ishlash bas qilinadi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG