Prezident Obama: "Suriyaga qarshi bir tomonlama harbiy harakat katta xatodir"

  • Amerika Ovozi

Prezident Obama Oq uydagi matbuot anjumani paytida, 6-mart, 2012-yil

Prezident Obama Oq uydagi matbuot anjumani paytida, 6-mart, 2012-yil

Prezident Barak Obama Qo'shma Shtatlar Suriyaga qarshi bir tomonlama urush qiladigan bo'lsa, katta xatoga yo'l qo'yadi, demoqda. Kecha AQSh rahbari bu haqda Oq uydagi matbuot anjumanida so'zladi. Obama Eron, Afg'oniston, immigratsiya va iqtisodiyotga doir mavzularga ham to'xtaldi.

So'nggi prezident saylovlarida Respublikachilar partiyasidan Obama bilan bellashgan senator Jon Makkeynning aytishicha, Suriyada aholiga nisbatan zulmni to'xtatish uchun Qo'shma Shtatlar prezident Bashar al-Assad armiyasiga qarshi harbiy chora ko'rishi kerak.

Biroq Obama nazarida bu oddiy bir chora emas.

"Bir tomonlama harbiy harakat xato yo'ldir", - deydi u.

Suriyadagi vaziyat, deydi Obama, Liviyadan farq qiladi. Aholini Muammar Qaddafiy zulmidan himoya qilish uchun Liviyada NATO faol harakat qilgan, deydi prezident.

Ayni damda Qo'shma Shtatlar Assad rejimiga qarshi iqtisodiy sanksiya va diplomatik bosim qo'llab kelmoqda.

Eronni yadro quroli dasturidan qaytarish uchun ham aynan shu choralar ishga solingan.

"Eron sanksiyalardan sezilarli ravishda zarar ko'rmoqda. Butun jahon unga qarshi. Eron yolg'izlangan", - deydi Obama.

AQSh rahbarining aytishicha, muammoni hali ham diplomatik yo'l bilan hal etish mumkin va Eron bundan foydalanishi kerak. Islomiy respublikaning qayd etishicha, uning atom dasturi tinch maqsadlarga qaratilgan.

Prezident Obama Respublikachilar partiyasining uning diplomatik harakatlariga nisbatan tanqidini qoralab, muxolifat yana urush nog'orasini chalmoqda, deydi.

"Bu kabi arboblarda mas'uliyat hissi yo'q. Axir ular oliy qo'mondon emasku. Ayrimlari urush haqida shunaqangi bemalol gapirishadiki, ularga xarajatlar va talofatlar haqida eslatishga to'g'ri keladi", - deydi Obama.

Afg'oniston haqida so'zlar ekan, prezident yaqinda AQSh va ittifoqchi kuchlar tomonidan Qur'on nusxalarining yoqilishini va buning ketidan mamlakatda avj olgan zo'ravonliklarni xavotir bilan tilga oldi.

"Bunday murakkab muhitda muammolar kelib chiqaveradi. Afg'onistonni tark etish vaqti keldi degani bu", - deydi Obama.

Prezident matbuot anjumanida immigratsiya haqida ham gapirar ekan, qayta saylansa, tizimni isloh qilishga so'z berdi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG