Breaking News

Obama: Eron yadro dasturini 10 yilga muzlatish kerak


AQSh Davlat kotibi Jon Kerri (chapda) va Eron Tashqi ishlar vaziri Muhammad Javod Zarif Shveysariyada uchrashmoqda, 2-mart, 2015-yil
AQSh Davlat kotibi Jon Kerri (chapda) va Eron Tashqi ishlar vaziri Muhammad Javod Zarif Shveysariyada uchrashmoqda, 2-mart, 2015-yil

Prezident Barak Obama Eron bilan yadro dasturi bo'yicha bitimga kelishish imkoniyatlarini 50 ka 50 deya baholamoqda. Obama nazarida Tehronga yadro qurolini yaratishga imkon bermaslik kerak, biroq bu ishni qo'shimcha sanksiya yoki harbiy yo'l bilan emas, diplomatiya yordamida amalga oshirish lozim.

“Kuchli sanksiyalar Eronni muzokara qilishga undadi, endi esa jiddiy muloqot davomida Tehron maqsadlarini aniq bilishga harakat qilyapmiz", - dedi Obama.

Unga ko'ra, xalqaro kuzatuvchilar Eron yadro dasturini nazorat etib boradi va agar Eron xalqaro kelishuvdan jiddiy ravishda chetga chiqqani aniqlansa, unga qarshi harbiy kuch ishlatiladi.

Obamaning aytishicha, Tehron yadro dasturini 10 yilga muzlatib qo'yishi lozim. Biroq Eron bu talabni qabul qilmoqchi emas.

Bugun Isroil Bosh vaziri Benyamin Netanyaxu AQSh Kongressida Eronning Isroilga tahdidi haqida so'zladi. Demokrat qonunchilar nazarida Kongressning respublikachi rahbarlari Oq uy bilan maslahatlashmay Netanyaxuni taklif etgani xalqaro muzokaralarga pand berishi mumkin.

Obama ham Netanyaxuning tashrifidan norozi. AQShning Isroil bilan aloqalari mustahkam, ammo Netanyaxuning Isroildagi saylovlarga bir necha hafta qolganda Amerikaga kelishi xato, deydi Obama.

“Eron bilan ilk muvaqqat bitim erishilganida Netanyaxu uni tanqid qildi, ko'p asossiz da'volarni olg'a surdi. Masalan, Eron sanksiyalar yumshatilishi natijasida 50 milliard dollar ishlab oladi, Tehron bitimga rioya qilmaydi, dedi. Ammo bularning hech biri haqiqat bo'lib chiqmadi. Aksincha, aynan shu davr ichida Eron yadro faoliyati susayganini ko'rdik", - deydi Obama.

Kecha Shveysariyada Eron yadro dasturi xususida gaplashgan AQSh Davlat kotibi Jon Kerri va Eron Tashqi ishlar vaziri Muhammad Javod Zarif bugun yana muloqot qilgan.

P5+1 guruhiga kiruvchi qudratli davlatlar Tehron bilan 31-martgacha yadro dasturi xususida siyosiy bitim bo'yicha kelishishga harakat qilmoqda. Agar buning uddasidan chiqilsa, tomonlar 1-iyulgacha keng qamrovli shartnoma qabul qilish umidida.

P5+1 guruhi Eronni atom quroli salohiyatidan ayirish maqsadida uranni boyitish dasturini cheklashga urinmoqda. Buning evaziga Tehronga xalqaro moliyaviy va iqtisodiy sanksiyalarni bekor qilish taklif etilgan.

"Eron muzokaralarga samimiyat bilan kirishmoqda, ammo jarayonga aralashgan tomonlarning mantiqsiz talablariga yon bermaydi", - deydi Zarif Eron matbuotiga.

Zarif AQSh Prezidenti Barak Obamaning "bitimga erishish uchun Eron yadro faoliyatini 10 yilga muzlatib qo'yishi kerak" degan gapiga ishora qilgani aytiladi.

Kerriga ko'ra, yolg'iz sanksiyalar Tehronni yadroviy maqsadlaridan qaytara olmasligi mumkin.

“Tehron atom dasturining tinch maqsadlarga qaratilganiga amin bo'lishimiz uchun Eron o'z bo'yniga olgan majburiyatlar ijrosi nazorat etilishi lozim", - deydi Kerri.

Amerika va Eron diplomatik o'yin bilan bandmi?
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:03:36 0:00

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG