Obama: Eron va Amerika muzokarachilari murosa qilayapti

  • Amerika Ovozi

Prezident Barak Obamaning aytishicha, Amerika va Eron muzokarachilari Tehronning yadro dasturi yuzasidan ancha murosaga erishgan.

Lekin tugal bitimning muhim sharti shu bo'lishi kerakki, G'arb inspektorlari bemalol Eronga kira olsin va yadroviy inshootlarni tekshira olsin; Tehron yadro qurolini yasamayotganiga ishonch hosil qilishimiz kerak, deydi Obama.

AQSh prezidenti yakshanba kuni "Si-Bi-Es" telekanaliga shu haqda intervyu bergan.

Isroil Bosh vaziri Benyamin Netanyaxu xuddi shu kanal bilan qilgan suhbatida maqsad - Eronga yadro qurolini qo'lga kiritishga imkon bermaslik, degan. Amerika va Isroilning bu masalada fikri mushtarak. Biroq bu maqsadga erishish yo'llarimiz farq qiladi, deydi Netanyaxu.

Totalitar rejimlarda o'tkazilgan inspeksiyalarga ishonmayman, deyd Isroil bosh vaziri. Shimoliy Koreyada ko'rdik buning oqibatini, baribir ish bermadi. Eron bilan ham samara bermadi, kuzatuvchilarning aldangani qoldi. Inspektorlarning ko'zini shamg'alab qilib, bu rejim yer osti bunkerlarni qurdi, deydi Netanyaxu.

Isroil bosh vaziri Eron bilan yadroviy muzokaraga qat'iyan qarshilik bildirib keladi.

Joriy oyda Isroilda parlamentga saylovlari oldidan Netanyaxu Vashingtonga safar qilib, katta shov-shuv ko'tardi. U Kongressda qilgan chiqishida Eron bilan kechayotgan muzokaralarni tanqid qildi va har qanday bitimning oxiri yomon bo'lishi haqida ogohlantirdi.

Netanyaxuning chiqishi Prezident Obamaning tanqidiga uchradi. Oq uy rahbarining aytishicha, Isroil rasmiysining o'zi Eron borasida, bu davlatning yadroviy maqsadlari borasida biror muqobil taklif bilan chiqishni qoyillatib qo'ygani yo'q.

Bundan tashqari, Obama ma'muriyati muxolif respublikachilarning Netanyaxuni Oq uy bilan maslahat qilmay Vashingtonga taklif qilganini tandiq qilmoqda.

Biroq 47 respublikachidan iborat guruh bugun, dushanba kuni Eron va Obama erishgan har qanday kelishuv faqat uning xizmat muhlati tugaguncha davom etadi, deya ogohlantirdi. Obamaning prezidentlik muddati 2017-yil boshida tugaydi.

Respublikachilar Tehronga ana shu mazmunda xat yo'lladi.

Amerika va dunyoning olti davlati hozir Eron bilan muzokarada. Taraflar bitimga erishsa va Kongress uni tan olmasa, bu shunchaki Prezident Obama va Eron oliy rahmanosi Oyatulla Ali Homeyniy o'rtasida shartnoma sifatida talqin qilinadi, deyiladi maktubda.

Senatda aksariyatni (54 kishi) tashkil etgan respublikachilardan 47 nafarining aytishicha, Obama qariyb ikki yildan ishdan ketadi; holbuki, senatorlarning ko'pi bir necha o'n yil xizmatini davom ettirishi hech gapmas.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG