Obama Iroq va Afg’onistondagi urushni tugatadi

  • Amerika Ovozi

Obama Iroq va Afg’onistondagi urushni tugatadi

Obama Iroq va Afg’onistondagi urushni tugatadi

Prezident Barak Obama yaqinda Kongress va xalqqa murojaatida asosan mamlakatdagi hozirgi vaziyat haqida so’zladi: iqtisodiyot, byudjet, soliqlar, siyosiy masalalar va hokazo.

Tashqi siyosatga to’xtalar ekan, Obama Iroq va Afg’onistondagi urushlarni yakunlash haqida gapirdi. Rossiya va Xitoy bilan raqobatda ulardan qolishmaylik, degan da’vatlar yangradi.

Prezident Obama Kongress huzurida hisobot berak ekan, kelasi ikki yilda dunyo bo’ylab erkinlik va demokratiyani targ’ib qilishda davom etamiz dedi.

“AQSh dunyo ahli bilan hamkorlik tarafdori. Dushman sayyoraning qay burchagida yashiringan bo’lmasin, uni yo’q qilish uchun birgalikda ishlaymiz”, - deydi Obama.

“Amerika erkin va adolatli jamiyat qurishni istagan xalqlarga yo’l ko’rsatishi va ibrat bo’lishi kerak. Bu ishni allaqachon boshlaganmiz. Va bugun aniq aytish mumkinki, AQSh yetakchilikni qayta qo’lga olmoqda”, - deydi prezident.

Obama xususan Tunisdagi g’alayonni tilga olib, demokratiyaga intilayotgan bu xalq bilan hamnafasmiz, ularni qo’llab-quvvatlaymiz, deydi. Qo’shma Shtatlar Sudan janubida o’tgan referendumda ham ko’mak ko’rsatgan.

Natijada janubiy Sudan aholisi vanihoyat mustaqillik va tinchlik uchun ovoz berdi.

Siyosatdonlar ta’biricha bu kabi bayonotlar kelasi ikki yilda balandroq yangrasa ajabmas.

“Bush davrida bo’lgani kabi huquq, oshkoralik va qonun ustuvorligi kabi masalalarga e’tibor oshyapti”, - deydi olim Robert Kagan.

AQSh-Xitoy munosabatlari va oradagi raqobat ham dolzarb mavzulardan. Robert Kagan fikricha, Xitoyning dunyo sahnasida, xususan Osiyoda ta’sir doirasini kengaytirishga harakat qilayotgani Amerikaning kuchli qarshiligiga uchrashi turgan gap.

Boshqa mutaxassislar nazarida esa hozirgi paytda Shimoliy Koreyadan muhimroq masala yo’q. Bilamizki, bu davlatda hokimiyat jilovi otadan o’g’ilga o’tish arafasida.

“Koreya yarim orolida biror kor-hol bo’lsa, Amerika nima qiladi, Xitoy nima qiladi, haligacha kelishib olmaganmiz. Janubiy Koreya va Yaponiya ham shu”, - deydi sharhlovchi Kennet Libertal. “Harbiy vazifalar aniq belgilab olinmagan. Bu davlatlar armiyasi qanday chora ko’radi? Amerika kemalari mintaqada shay holatda turibdi. Mavhumlik barchani xavfli vaziyatga yetaklashi mumkin”.

Afg’oniston va Pokistonda ham Amerika qanchalik harakat qilmasin, sharoit murakkab bo’lib qolmoqda.

Tahlilchi Stiven Koen deydiki, ayniqsa Afg’onistonda Tolibon ishtirokisiz biror narsaga erishib bo’lmasligi kundan kunga ayonlashmoqda.

“Qizig’i shundaki, Tolibon bilan hukumat tuzishga kelishib olinsa ham, Hindiston va Eron bunga hech qachon rozi bo’lmaydi. Buning oldini olish uchun har ikki davlat xufiyona harakatlar olib bormoqda”, - deydi Stiven Koen.

Pokistonda esa terrorizm qatorida AQShni xavotirga solayotgan yana uch muhim masala bor.

“Jangarilar chegaradan Afg’onistonga o’tayotgani kundalik hodisa. Pokiston davlat sifatida doimiy inqiroz holatida. Eng dahlatshisi, yadroviy arsenali qanchalik himoyalangan, buni hech kim bilmaydi”, - deydi mutaxassis.

Bulardan tashqari, Yaqin Sharq tinchlik muzokaralari va mana endi Misrdagi inqiroz, Eron va Shimoliy Koreya yadro dasturlari hamda Iroqni qo’shib hisoblasak, Barak Obamaning bu yilgi ish jadvali qanday bo’lishini tasavvur qilish qiyin emas.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG