Obama Iroqda yangi bosh vazir tayinlanishini olqishladi

  • Amerika Ovozi

Haydar al-Abadiy

Haydar al-Abadiy

AQSh prezidenti Barak Obama Iroq Bosh vaziri Nuri al-Malikiy o’rnini egallashi ko’zda tutilgan mulozimning tayinlanishini qo’llab-quvvatshini bildirdi. Ammo al-Malikiy o’z lavozimini tark etishdan bosh tortmoqda.

Iroq prezidenti Fuad Massum Bag’doddagi hukumatni boshqarish uchun parlament spikeri muovini Haydar al-Abadiyni tayinladi. Uning zimmasiga kattagina qismida “Islomiy davlat” nomli radikal jangari guruh janglar olib borayotgan mamlakatni boshqarish tushadi.

Abadiy ham Malikiy kabi shia.

Obama unga qo’ng’iroq qilib, tabrigini izhor etdi va nafaqat shia, balki sunniy musulmonlar va kurdlarni tarkibiga olgan yangi hukumat tuzishga chaqirdi.

AQSh rahbari Abadiyning tayinlanishini “olg’a qo’yilgan qadam” deya baholadi.

"Iroqning yangi rahbari oldida murakkab vazifa turibdi”, - dedi Obama hukumatning iroqliklar hamda xalqaro hamjamiyat ishonchini qayta qozonishi kerakligini nazarda tutib.

"Biz Iroq hamda uning yangi hukumati bilan hamkorlikka tayyormiz”, - dedi Obama va Iroqdagi barcha taraflarni birgalikda umumiy tahdid – “Islomiy davlat” guruhiga qarshi kurashishga da’vat etdi.

AQSh rahbari, shuningdek, AQShning shimoliy Iroqdagi jangarilarni havodan o’qqa tutishini tilga olar ekan, Amerika harbiy samolyotlari kurd jangchilari hamda tinch aholini himoya qilishga shay turganini aytdi.

Ammo amaldagi bosh vazir Nuri al-Malikiy sakkiz yillik rahbarligiga chek qo’yishdan bosh tortmoqda. Konstitutsiyaga ko’ra, u davlatni uchinchi muddat ham boshqarishga haqli. Sunniy musulmonlar, kurdlar va hatto shia safdoshlari da’vatlariga qaramay, u hokimiyatni boy berishga shoshilmayapti.

Abadiy 30 kun ichida yangi hukumat tuzishi kerak. U “Islomiy davlat” guruhi ustidan albatta g’alaba qozonamiz, deb aytdi.

“Biz xalq va siyosiy doiralar yordamida bunday vaxshiyona hujumlarni to’xtatishga qodir ekanimizga ishonaman. Iroq xalqi uchun farovon muhit yaratamiz”, - dedi u.

Abadiy Iroq moliyaviy qo’mitasini boshqargan, bosh vazir hamda aloqa vazirining maslahatchisi bo’lgan. U Britaniyaning Manchester universitetida tehsil olgan. “Facebook” ijtimoiy tarmog’idagi biografiyasiga ko’ra, Abadiyning shiori – “Rahbarlik kaliti bag’rikenglikda”.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG