Obama: Iroqdagi urush tugadi hisob

  • Amerika Ovozi

Obama: Iroqdagi urush tugadi hisob

Obama: Iroqdagi urush tugadi hisob

Prezident Barak Obamaning aytishicha, qo'shinlar shu yil oxirigacha Iroqdan butunlay chiqadi. Prezidentlikka kelganida u urushni tugatishni va'da bergan edi.

AQSh rahbari bu haqda bugun Iroq Bosh vaziri Nuri al-Malikiy bilan video-muloqotdan keyin e’lon qildi.

“Yangi yil, Rojdestvo bayrami, oldidan askarlar uyda bo’ladi”, - dedi prezident.

"Va'da qilganimdek, zobitlarimiz bag'rimizga qaytadi. To'qqiz yil o'tib, bu urush tugamoqda".

4-5 ming orasida xavfsizlik kuchlari qolishi kutilmoqda.

Amerika va Iroq mintaqaviy tinchlik va xavfsizlik yo’lida birga ishlashga kelishib olgan.

Iroq suveren davlat va kelajagi uchun o'zi javobgar, deydi Obama.

Bosh vazir Malikiy ham shu mazmunda bayonot chiqardi.

“Xorij askarlari ketadi. Amerika va Iroq hamkor davlatlar bo'lib qoladi”, - deydi u.

Barak Obama Malikiyni AQShga taklif qilgan. Tashrif dekabr oyida kutilayapti.

Amerika Iroqni tark etadi, ammo iqtisodiy-ijtimoiy yordamni davom ettiradi. Minglab mutaxassislar va turli soha egalari mamlakatni qayta tiklash, davlatchilikni mustahkamlash, ta'lim, sog'liqni saqlash va fuqaro jamiyatini rivojlantirishda hissa qo'shadi.

Bag'dod

Bag'dod

2008-yilda bu davlatda amerikalik askarlar soni 165 mingdan ko'p edi. Bugun ulardan 39 ming nafari qolgan. Ular mahalliy xavfsizlik kuchlariga ko'maklashmoqda.

Urush 2003-yilning martida boshlangan edi. Qo’shma Shtatlar 4400 dan ziyod zobitini yo'qotgan. Iroq esa 110 mingdan ortiq fuqarosidan ayrildi. Mojaro 700 milliard dollardan ortiqqa tushdi.

AQShning maqsadi Saddam Hussayn, Iroqning uzoq yillik diktatorini hokimiyatdan ag'darib, u yashirgan ommaviy qirg'in qurollarini yo'q qilish edi.

Saddam Hussayn tezlikda ag'darildi, qochdi va 2003 yil oxirida ushlanib, vatanida sudga tortildi. U o'lim jazosiga mahkum etildi. Ommaviy qirg'in qurollari topilmadi.

Saddam Hussayn 2006 yilning dekabrida dorga osilgan

Saddam Hussayn 2006 yilning dekabrida dorga osilgan

Iroqqa bostirib kirish qarori Jorj Bush, Amerikani 2001-2009 yillar orasida boshqargan arbobga tegishli. 2003 yilning mayida u jangovar harakatlar tugadi deb e'lon qilgan.

Lekin Iroqda ichki nizolar, mazhablararo mojarolari va Amerika kuchlariga qarshi xurujlar avj oldi. O'tgan sakkiz yil davomida AQSh qo'shinlari mana shu beqarorlikni yengish bilan ovora edi. Minglab insonlarning yostig'i quridi, shahar va qishloqlar vayron bo'ldi.

Portlashlar, isyonchi hujumlari hamon davom etmoqda, lekin Obama ma'muriyati nazarida Iroq xavfsizlik kuchlari ularni bartaraf etishga qodir.


  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG