Obama: Iroqda urushni yakunlash va’damni bajardim

  • Amerika Ovozi

AQSh rahbari Barak Obama Iroqda harbiy missiya yakun topganining ikki yilligi munosabati bilan Texasdagi Fort Bliss harbiy bazasiga tashrif buyurib, zobitlar va ularning oilalariga minnatdorchilik izhor etdi.

“Urush to’qqiz yil davom etdi. Bugun Iroq o’z kelajagini o’zi qurmoqda. Amerika harbiylari bu mamlakatni tark etdi”, - deydi Obama.

U Afg’onistonda Tolibonga qarshi kurashda erishilgan yutuqlarni tilga olib, urushni mas’uliyat bilan yakunlashga va’da berdi. AQSh zobitlari bu mamlakatni, rejadagidek, 2014-yilda tark etadi, deya so’zini davom ettirdi prezident.

Iroq va Afg’onistondagi urush xarajatlari sabab Qo’shma Shtatlar trillionlab dollar qarzga botgani rost. Kamomadni qanday kamaytirish yuzasidan demokrat va respublikachilar turlicha fikrda.

Barak Obama Kongress a’zolarini tez orada yechimlar bilan chiqishga chaqirdi, aks holda bir qancha ijtimoiy dasturlar barobarida harbiy byudjet ham avtomatik ravishda qisqaradi.

Prezident qaroriga binoan, jang maydonidan qaytgan harbiylarga ruhiy madad ko’rsatish hamda o’zini o’zi o’ldirish hollarini bartaraf etishga qaratilgan dasturlar kengayadi.

Oq uy rasmiylariga ko’ra, Texasga tashrif saylov kampaniyasining bir qismi emas. Lekin Obama Iroqdagi urushni tugatish va’dasi bajarilganini saylovchilarga eslatib qo’ymoqda.

Obamaning raqibi, prezidentlikka respublikachilardan nomzod Mitt Romni hal qiluvchi shtatlar bo’ylab kampaniyaga kirishmoqda. Saylansa, 12 million yangi ish o’rinlari yaratishga va Amerikani energetik tobelikdan xalos etishga va’da berayapti.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG