Obama: "Islomiy davlat"ga qarshi strategiya to'liq emas

  • Amerika Ovozi

Prezident Barak Obama Germaniyaning Kruen shahrida Katta Yettilik sammiti yakunida matbuot anjumanida so'zlamoqda, 8-iyun, 2015-yil

Prezident Barak Obama Germaniyaning Kruen shahrida Katta Yettilik sammiti yakunida matbuot anjumanida so'zlamoqda, 8-iyun, 2015-yil

Germaniyada Katta Yettilik sammitida ishtirok etgan AQSh Prezidenti Barak Obamaning majlis yakunida o'tkazilgan matbuot anjumanida aytishicha, "Islomiy davlat"ga qarshi kurashayotgan xalqaro koalitsiyada to'liq strategiya yo'q.

"Strategiya to'liq bo'lishi uchun barcha iroqliklar bu jarayonda ishtirok etishi kerak. Koalitsiyaga a'zo barcha mamlakatlar Iroq xavfsizlik kuchlarini tayyorgarlikdan o'tkazishga hozir, biroq ayrim hududlarda aholini xavfsizlik kuchlari safiga yollash oson bo'lmayapti", - deydi Obama.

AQSh rahbariga ko'ra, Pentagon Iroq armiyasi tayyorgarligini oshirishda faolroq rol o'ynaydi. Obama nazarida Turkiya Suriya bilan chegarani yaxshi qo'riqlamayapti, natijada bu mamlakat orqali Suriyaga o'tib, "Islomiy davlat"ga qo'shilmoqchi bo'lganlar oqimiga to'xtatilgani yo'q.

Iroq Bosh vaziri Haydar Abadiy bugun Kruen shahrida Obama bilan uchrashib, "Islomiy davlat"ga qarshi kurash xususida fikr almashdi. Abadiy xalqaro hamjamiyatdan Iroq armiyasiga yordamni oshirishni so'rab keladi.

Kecha Iroq kuchlari Bayji shahrida jangarilarga zarba berib, neftni qayta ishlash zavodini ulardan tortib olishga harakat qildi.

"Islomiy davlat" Iroq va Suriyada neft zavodlarini egallab olib, pul ishlashga harakat qilyapti. Ularga qarshi hukumat kuchlari, kurd jangchilari, suriyalik isyonchilar jang qilmoqda, AQSh yetakchiligidagi koalitsiya esa havodan nishonga olmoqda.

Britaniya Bosh vaziri Deyvid Kameronning Katta Yettilik sammitida aytishicha, uning mamlakati Iroqqa qo'shimcha 125 askarni safarbar etib, mahalliy armiyani tayyorgarlikdan o'tkazadi. Ayni damda Britaniyaning 150 harbiysi Iroq qo'shinlari bilan shug'ullanmoqda.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG