Breaking News

Obama: "Islomiy davlat" yo'q qilinadi


Oq uy, 10-sentabr, 2014
Oq uy, 10-sentabr, 2014

"Amerika xalqining xavfsizligini ta'minlash mening asosiy vazifam", - deydi prezident Barak Obama ommaga Oq uydan qilgan murojaatida.

"Amerika xalqining xavfsizligini ta'minlash mening asosiy vazifam", - deydi prezident Barak Obama ommaga Oq uydan qilgan murojaatida.

"Islomiy davlat" islomiy emas, deydi prezident. Chunki u islomni, tinchlikni madh etgan e'tiqodni aks ettirmaydi. "Islomiy davlat" shafqatsizlik, qonxo'rlik timsoli. Qilmishlariga qarang".

"Islomiy davlat" davlat ham emas, chunki unga hech yerda o'rin yo'q. Tan olmaydi uni hech kim, deydi Obama. Odamlarning qonini ichib davlat o'rnata olmaydi. Insoniyat bunga qarab turmaydi. Qo'lidagi qudratni ishga solib, uni yo'q qiladi.

Insoniyatga qarshi jinoyatlarni amalga oshirayotgan bu harakat qayerda bo'lmasin nishonga olinadi, deydi AQSh rahbari.

Guruhni yo'q qilish hammaning vazifasi. Amerika va uning ittifoqchilari bu tahdidni bartaraf etish uchun bir yoqadan bosh chiqarmoqda.

"Islomiy davlat" safida G'arbdan borgan yoshlar bor. Ular qaytib, vatanida hujumlar qilishi mumkin degan xavotir kuchli.

Qo'shma Shtatlar bu xavfga qarshi kuchli va keskin choralar ko'rmoqda va ularni jadallashtiradi, deydi Obama.

"Iroqda bu yoz boshlangan havo hujumlari hozirgacha minglab insonlar hayotini asrab qoldi".

Iroq va Suriya ahliga juda og'ir lekin o'z tinchligini ta'minlash uchun ular dadil qadamlar tashlamasa bo'lmaydi, deydi prezident.

Obama deydiki, Bag'doddagi yangi hukumat kuchli iroda bilan harakat qilishi lozim.

Amerika uni quvvatlab, yangi xalqaro koalitsiyaga boshchilik qiladi.

Birinchidan, sistematik harakatlar olib boriladi. "Islomiy davlat" nafaqat Iroq balki Suriyada ham nishonga olinadi.

AQSh Iroqqa qo'shin kiritmaydi. Razvedkaga asoslangan havo hujumlari olib boriladi.

Iroqda mahalliy kuchlarga yordamlashayotgan 1000 harbiy ekspert safiga yana 500 ga yaqin mutaxassis qo'shiladi.

Suriyada Bashar al-Assad boshliq tuzum jangarilarga qarshi kurashni eplolmaydi, deydi Obama, Damashqqa ishonch yo'q.

Amerika Suriya muxolifatini qurol bilan ta'minlaydi.

Yaqin Sharq bo'ylab hamkor davlatlar bilan kelishiladi. Davlat kotibi Jon Kerri bu ishga mas'ul.

Arab davlatlaridan mas'uliyatli sheriklik kutilmoqda. Mazhabchilik va boshqa nizolarni chetga surib, tinchlik haqida o'ylash kerak.

Iroq va Suriyaga gumanitar yordam oshiriladi. Yuzlab ming odam yordamga muhtoj.

Vashingtonda yetarlicha iroda va layoqat bor. Har ikki partiya bu borada hamfikr. Kongress zarur mablag'ni ajratadi.

"Farzandlarimizni jangga yubormaymiz lekin mavjud texnikani ishga solib, ekstremistlarni qiramiz",- deydi Obama.

Yaman, Somali, Afg'oniston va Pokistonda qo'llangan ilg'or qurollar, dronlar haqida gap ketmoqda.

"Islomiy davlat" tamoman yo'q qilinishini kafolatlash qiyin biroq uni kuchdan qoldirish mumkin.

"Amerika dunyodagi eng qudratli davlat. Biz bilan hech kim tenglasha olmaydi. Energetik jihatdan ham bugun misli ko'rilmagan darajada mustaqilmiz. Bizga hech kim tahdid sola olmaydi va bunga yo'l qo'ymaymiz ham. Xalqimiz mehnatkash, talabchan va tinchliksevar", - deydi Obama.

Amerika Rossiyaning agressiyasiga qarshi harakatga boshchilik qilmoqda. Ukraina xalqi bilan yonma-yon va uni yovuz kuchlardan himoya qiladi.

"Amerika global lider. U tinchlik uchun kurashadi. Inson qadri va adolat uchun kurashadi. Davlatimiz vujudga kelibdiki, shu asosda qadam tashlaymiz. Yaqin Sharqmi yoki dunyoning boshqa nuqtasi, mardona harakat qilamiz. Jasurmiz va shunday bo'lib qolamiz. Biz insoniyat kelajagi uchun kurashamiz. Amerika bu."

Prezidentning murojaatini tomosha qilgan siyosatdonlar deydiki, Obama nutqida kuch va irodani aks ettirdi. Lekin terrorizmga qarshi kurash juda sekin jarayon ekani aniq. Al-Qoida va Tolibon bilan 13 yildan beri kurashib hali ham uni butkul yo'q qila olmagan Amerika "Islomiy davlat" bilan ham uzoq olishsa ajabmas.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG