Obama Kongressga: Ishsizlikka qarshi 450 milliard dollar ajrating

  • Amerika Ovozi

Prezident Barak Obama Kongress huzuriga bordi, Vashington, 8-sentabr 2011

Prezident Barak Obama Kongress huzuriga bordi, Vashington, 8-sentabr 2011

Bugun oqshom Kongressning har ikki palatasi oldida gapirgan prezident Barak Obama qonunchilarni mamlakat bo’ylab ish o’rinlari yaratish uchun 450 milliard dollar ajratishga chaqirdi.

Prezident fikricha Amerikada ishsizlik sur’ati pasaymayotgani fojiali hol va vaziyatni to’g’rilash uchun hokimiyatdagi har ikki partiya bir yoqadan bosh chiqarishi lozim. Demokrat prezident, respublikachilar hukmron Vakillar Palatasi va demokratlar ko’pchilikni tashkil etuvchi Senat hamkorlikda ishlashi kerak.

“Bir-birimizning taklif va tashabbuslarimizni tinglab, murosa qilaylik, keskinlikni bas qilib, hammamiz xalq xizmatidagi odamlar ekanimizni namoyon etaylik”, - deydi u senator va vakillarga qarata.

Prezident ishchi va bizneslarga solinadigan soliqni kamaytirishni taklif qilmoqda. Buning hisobiga, deydi u, yangi ish o’rinlari yaratiladi.

Yangi yo’l va boshqa zarur inshootlar barpo etish, suv tizimlari va havo yo’llari bilan bog’liq loyihalar boshlash, ya’ni infratuzilmani yaxshilash uchun mablag’ ajratish nafaqat Amerikani rivojlantiradi, balki bugun ishsiz yurgan 14 millionga yaqin fuqaroga imkoniyatlar yaratadi, deydi Obama.

Mamlakatda hozir 35 ming yangi maktab qurish kerak, mavjud minglab ilm maskanlarini ta’minlash kerak. Aeroport, vokzal va temir yo’llarni tuzatish lozim.

Obama deydiki, uzoq paytdan beri ishsiz yurgan amerikaliklarni yollagan kompaniyalarga soliq imtiyozlari taklif qilib, xususiy biznesda mehnat qiladigan fuqarolar va ayniqsa mayda tadbirkorlar uchun soliqni kamaytirish ayni muddao bo’ladi.

“Bu hozir qilinishi kerak bo’lgan qarorlar. Vaqtni boshqa boy bera olmaymiz. Men Kongressning har bir a’zosidan mana shu masala ustida bosh qotirib, meni quvvatlashni so’rayman”,- deydi prezident.

Respublikachilar Obamaning bu tashabbuslariga va murojaatiga ijobiy javob berishi amri mahol. Ular prezidentni mablag’ni ayab ishlatmayotganlikda, yo’q pulni so’rab, davlat qarzini oshirayotganlikda ayblaydi.

Demokratlar nazarida esa iqtisodiy inqiroz va uning oqibatlarida aynan respublikachilar, 2001-2009-yillar orasida Amerikani boshqargan Jorj Bush aybdor.

Xususiy sektor ustidan nazoratni kamaytirib, bank va investorlarga cheksiz imtiyozlar berilgani Amerika iqtisodiyotini jar yoqasiga olib bordi, deydi Obamaning tarafdorlari.

O'tgan yilgi saylovlarda Vakillar Palatasi respublikachilar qo'liga o'tganidan beri prezident uchun biror ishni bitirish bag'oyat qiyin bo'lib qolgan.

Prezident Barak Obama, o'ngda esa Jon Beyner, respublikachi, Vakillar Palatasi spikeri. Chapda vitse-prezident Jo Bayden, demokrat.

Prezident Barak Obama, o'ngda esa Jon Beyner, respublikachi, Vakillar Palatasi spikeri. Chapda vitse-prezident Jo Bayden, demokrat.

Respublikachilar davlat xarajatini kamaytirib, byudjetdagi kamomadni tushirishga bel bog'lagan va demokrat prezidentning har bir taklifini rad etib kelmoqda. Obamani ular o'jarlikda, muxolif partiya bilan ishlamayotganlikda ayblaydi.

Obama fikricha esa uning prezidentlikka qayta saylanmasligi uchun respublikachilar mana shunday ayyorlikka berilmoqda, xalqqa uni zaif rahbar sifatida ko'rsatishga urinmoqda.

"Amerika xalqi bunday nayrang va o'yinlardan to'ygan. Muammolarni hal etish mana shu yerda o'tirgan har bir arbobning asosiy vazifasi", - deydi u, Kongress a'zolariga qarata.

Prezident nutqini qarsaklar bilan kutib olgan respublikachilar izohicha, o'rtaga tashlangan taklifning birortasi yangi emas. Obama boshidan shuni so'rab kelmoqda va bugun ham shuni aytdi, deydi konservativ arboblar.

Vakillar Palatasi spikeri Jon Beyner prezident bilan murosa qilishga tayyor ekanini aytmoqda, ammo Obama boylar uchun soliqni oshirish talabini chetga surishi lozim.

Tahlilchilar nazarida dunyoning yetakchi mamlakati shu ahvolga kelib qolganida har ikki tomon birdek aybdor.

Hozir byudjet kamomadi haqida qayg’uradigan vaqt emas, krizisni yengish sarmoya talab qiladi degan qarash ham bor.

Prezident tashabbusi ovozdan o’tgan taqdirda ham, iqtisodchilar nazarida, ishsizlik Amerikada nari borsa 8 foizga tushishi mumkin.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG