AQSh harbiylari Afg'onistonda murabbiylik roliga o'tadi

  • Amerika Ovozi

AQShning Afg'onistondagi qo'shinlari shu yil bahorda harbiy operatsiyalarni deyarli yakunlab, asosan murabbiylik va maslahatchilik rolini bajarishga o'tadi.

Afg'on qurolli kuchlari yetakchilikni qo'lga olar ekan, bu rejadagidan ertaroq amalga oshmoqda, dedi prezident Barak Obama, Oq uyda afg'on rahbari Hamid Karzay bilan o'tkazilgan matbuot anjumanida.

Tolibon bilan tinchlik muzokaralar davom etadi.

Afg'onistonda xizmat qilayotgan 66 ming amerikalik zobitning aksariyati 2014-yil oxirigacha vatanga qaytadi.

"Afg'on qurolli kuchlarini treningdan o'tkazish, ularga maslahatchilik qilish shu bahordan e'tiboran, asosiy missiyaga aylanadi", - deydi Obama.

2014-yildan keyin Afg'onistonda chet el askarlari qolish-qolmasligi ma'lum emas. Vashington va Kobul xavfsizlik bo'yicha bitim ustida ishlamoqda. Rahbarlar aniq raqamlarga to'xtalmadi.

Barak Obamaning aytishicha, AQShning 2014-yildan keyingi maqsadlari ikki qismdan iborat. Birinchisi, trening. Ikkinchisi, aksil-terroristik operatsiyalarda afg'on armiyasiga ko'maklashish va Tolibonni siquvga olishda davom etish.

Bu vazifani bajarish uchun 6 mingdan 15 minggacha askar Afg'onistonda qoladi, degan taxminlar bor. Obama qo'mondonlar bilan maslahatlashib, bir qarorga kelishini aytdi. Shart shuki, amerikalik askarlar immunitet bilan ta'minlanishi, ya'ni ularning daxlsizligi kafolatlanishi zarur.

11 yillik urushga siyosiy yechim izlayotgan Qo'shma Shtatlar afg'on hukumati va Tolibon o'rtasida tinchlik muzokaralariga o'z fotihasini bergan. Muzokara Qatardagi idora orqali olib boriladi.

"Tinchlik shartlarini belgilash bizning ishimiz emas. Lekin shuni aniq aytishim mumkin, agar Tolibon zo'ravonlik va terrorizmdan voz kechmasa, Afg'oniston konstitutsiyasini tan olmasa, murosa bo'lishi mumkin emas", - deya ta'kidladi AQSh rahbari.

Tolibon xotin-qizlar huquqini hurmat qilishi va afg'on hukumati ham ayollar manfaatini himoya qila olishini isbotlashi shart, deya qo'shadi Obama. Ona va qizlarini ardoqlamagan, ularni inson sifatida teng ko'rmagan jamiyat hech qachon ravnaq topmaydi, deya eslatadi prezident.

Shu yilning aprelida Afg'onistonda prezident saylovlari belgilangan, Hamid Karzay unda qatnashmaydi. AQShda esa mudofaa va tashqi ishlar vazirlari o'zgarmoqda. Mudofaa vaziri lavozimiga ko'rsatilgan sobiq senator Chak Xeygl afg'on urushining tanqidchilaridan biri bo'lib, askarlarni tezroq vatanga qaytarish tarafdori.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG